Tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash borasidagi vazifalar
6224 marta o'qildi
Tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish hamda moslashtirish tizimini takomillashtirish hamda davlat hisobidan moliyalashtirish;
tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning xavfsizligini, jismoniy va ruhiy reabilitatsiyasini hamda moslashuvini ta’minlashga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish;
xotin-qizlar va erkaklarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish hamda ular bilan o‘zaro munosabatlar madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha mulkchilik shakllaridan qat’i nazar barcha idora va tashkilotlarda profilaktika tadbirlarini o‘tkazish;
xotin-qizlar va erkaklarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishda davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash;
tazyiq va zo‘ravonlik holati qayd etilgan oilalar, ish joylari, jazoni ijro etish muassasalari va boshqa ob’ektlarning hisobini yuritish, shuningdek tazyiq va zo‘ravonlik sodir etishga moyil bo‘lgan yoki uni sodir etgan g‘ayriijtimoiy xulq-atvorli shaxslarni aniqlash, ularga profilaktik ta’sir ko‘rsatish hamda xulq-atvorini o‘zgartirish tizimini va choralarini takomillashtirish;
mamlakatlarda tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini baholovchi xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash choralarini ko‘rib borish;
jamiyatda tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilishiga olib keladigan sabab hamda shart-sharoitlarni tahlil qilish va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish, bu borada jamoatchilik nazoratini olib borish, shuningdek ilmiy, amaliy hamda fundamental tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash;
xotin-qizlar va erkaklarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka doir murosasizlik muhitini yaratish, gender stereotiplarni bartaraf etish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari ishtirokida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish.