Oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasi sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash borasidagi vazifalar
8998 marta o'qildi
Oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasi sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
oilani mustahkamlash, oilaviy munosabatlarda barcha oila a’zolarining mas’ulligini oshirish, biron-bir shaxsning oila masalalariga o‘zboshimchalik bilan aralashishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amaldagi mexanizmlarni takomillashtirish;
erta nikoh, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, erta tug‘ruq, oilaviy ajralishlarning yuzaga kelish sabablari hamda shart-sharoitlarini tahlil qilish, bu borada ilmiy, amaliy hamda fundamental tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash;
asrlar davomida shakllangan milliy qadriyatlar, ijobiy urf-odatlar va an’analar asosida oilalarni mustahkamlash, oilaviy ajralishlarning oldini olishda davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash;
oilaviy munosabatlarda xotin-qizlar va erkaklarning o‘rni haqida jamiyatda shakllangan salbiy qarashlarni o‘zgartirish, bu borada ommaviy axborot vositalari ishtirokida targ‘ibot-tashviqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash;
ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirishda xotin-qizlar bilan bir qatorda erkaklarning mas’uliyati hamda rolini oshirish;
oilaviy hayotga oid muammolar, psixologik-pedagogik, huquqiy va boshqa masalalar yuzasidan xotin-qizlar va erkaklar uchun maslahatlar berish tizimini yanada takomillashtirish;
oilalarni yoshlarning axloqiy negizlarini buzishga olib keladigan, oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, axloqsizlikni targ‘ib qiladigan, shuningdek ota-onasiga va oilaning boshqa a’zolariga nisbatan hurmatsizlik munosabatini shakllantiradigan, jinslardan birining ustunligi g‘oyasiga asoslangan noto‘g‘ri tasavvurlardan himoya qilish;
xotin-qizlar va erkaklarning oilaviy munosabatlardagi huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari to‘g‘risida axborot-ma’rifiy faoliyat samaradorligini oshirish.