Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 13994 marta o'qildi

Davlat subsidiyasi nima?

Davlat subsidiyasi — sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik faoliyatni amalga oshirayotgan fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun beriladigan va aniq loyihalar bilan bog‘liq bo‘lmagan moliyaviy yoki boshqa moddiy ko‘mak.

Subsidiya respublika byudjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar byudjetlari, Toshkent shahar byudjeti hamda davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan berilishi mumkin.

Subsidiya mablag‘lari nimaga ishlatiladi?

Davlat subsidiyasidan faqat:

  • tashkilot ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni bajarish;
  • moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
  • ijtimoiy foydali maqsadlarga erishish uchun foydalanish mumkin.

Subsidiya olish uchun qaerga murojaat qilinadi?

Fuqarolik jamiyati institutlari davlat subsidiyasini olish uchun Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondiga buyurtma bilan murojaat qiladi.

Jamoat fondi tushgan buyurtmalarni umumlashtiradi, subsidiyalash hajmlari bo‘yicha takliflar tayyorlaydi va ularni Parlament komissiyasiga kiritadi. Parlament komissiyasi subsidiya ajratishning maqsadga muvofiqligini va zarur hajmini ko‘rib chiqadi.

Subsidiya ajratish tartibini kim belgilaydi?

Davlat subsidiyalarini ajratish tartibi va shartlari Oliy Majlis palatalari tomonidan belgilanadi.

Ayrim fuqarolik jamiyati institutlari uchun qonunchilikda subsidiyalashning boshqacha tartibi ham nazarda tutilishi mumkin.

Chat