Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 19632 marta o'qildi

Davlat ijtimoiy buyurtmasi nima?

Davlat ijtimoiy buyurtmasi — davlat organi va fuqarolik jamiyati instituti o‘rtasida shartnoma tuzish orqali sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun ishlar bajarish yoki tadbirlar o‘tkazishga doir davlat topshirig‘i.

Davlat ijtimoiy buyurtmasi:

  • Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi;
  • uning alohida bo‘linmalari orqali;
  • yoki bevosita davlat organlari tomonidan berilishi mumkin.

Jamoat fondi orqali buyurtma qanday beriladi?

Davlat organlari fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini talab etadigan ustuvor yo‘nalishlarni belgilaydi va kelgusi moliya yili uchun Jamoat fondiga yoki uning alohida bo‘linmalariga buyurtma yuboradi.

Jamoat fondi tanlov e’lon qiladi. Tanlovda davlat buyurtmachisi, loyihaning maqsadi va vazifalari, shartlari hamda ajratiladigan mablag‘ miqdori haqida ma’lumot beriladi.

Fuqarolik jamiyati institutlari o‘z loyihalarini tanlovga taqdim etadi, loyihalarni Parlament komissiyasi ko‘rib chiqadi, baholaydi va g‘oliblarni aniqlaydi.

Shartnoma kimlar o‘rtasida tuziladi?

Jamoat fondi orqali davlat ijtimoiy buyurtmasi berilganda:

  • buyurtmani bergan davlat organi;
  • g‘olib fuqarolik jamiyati instituti;
  • Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi.

Davlat organi Parlament komissiyasi qo‘llab-quvvatlagan loyihani o‘zining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha moliyalashtirishi mumkin. Bunda qo‘shimcha mablag‘ umumiy moliyalashtirish summasining 20 foizidan oshmasligi kerak.

Davlat organi ijtimoiy buyurtmani bevosita bera oladimi?

Ha. Davlat organlari har yili o‘z byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar uchun bevosita davlat ijtimoiy buyurtmasi berish bo‘yicha tanlovlar tashkil etadi.

Loyihalar davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi va baholanadi. G‘olib bilan davlat organi o‘rtasida shartnoma tuziladi.

Tashabbusli loyiha bilan murojaat qilish mumkinmi?

Fuqarolik jamiyati instituti muayyan soha yoki tarmoqdagi muammoni hal etishga qaratilgan tashabbusli loyihani davlat organiga taqdim etishi mumkin.

Agar davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashi loyihani moliyalashtirishni maqsadga muvofiq deb topsa, davlat organining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 1000 BHMgacha davlat ijtimoiy buyurtmasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida berilishi mumkin.

Chat