Qaysi organ xabardor qilinadi?
NNT rejalashtirilayotgan tadbir haqida uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan yoki hisobga qo‘ygan tegishli adliya organini oldindan xabardor qilishi kerak. Xabarnoma Nodavlat notijorat tashkilotlarining elektron platformasi orqali yuboriladi.
Ikki yoki undan ortiq NNT birgalikda tadbir o‘tkazsa, ulardan birining tegishli adliya organini xabardor qilishi etarli. Biroq NNT vakillarining tashkilot faoliyati bilan bog‘liq xorijiy tashrifi tashkil etilganda har bir NNT alohida xabar berishi kerak.
Xabarnoma qancha vaqt oldin yuboriladi?
Umumiy tartibda:
- O‘zbekistonda chet el fuqarolari ishtirokisiz tadbir o‘tkazilsa — kamida 10 kun oldin;
- O‘zbekistonda chet el fuqarolari ishtirokida yoki xorijiy davlat hududida tadbir o‘tkazilsa — kamida 20 kun oldin;
- NNT vakillarining NNT faoliyati bilan bog‘liq xorijiy tashrifi tashkil etilsa — kamida 7 kun oldin xabar beriladi.
Qachon 3 ish kunlik muddat qo‘llanadi?
Ayrim tadbirlar haqida kamida 3 ish kuni oldin xabar berish mumkin. Jumladan:
- NNT rahbar organining ustav yoki nizomga muvofiq yig‘ilishi;
- tegishli litsenziya yoki ruxsatnoma doirasidagi tadbir;
- Oliy Majlis palatalari, Prezident, Vazirlar Mahkamasi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlari hujjatlari, davlat dasturlari va milliy rejalarda nazarda tutilgan tadbir;
- Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi yoki uning alohida bo‘linmalari ajratgan davlat granti va davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasidagi tadbir;
- Sport vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tasdiqlagan yoki kelishgan rejalar asosidagi ommaviy sport tadbiri;
- belgilangan tartibda ruxsatnoma olingan ommaviy tadbirlar.
Qachon 1 kun oldin xabar berish mumkin?
NNT vakillarining xorijiy tashrifi:
- Oliy Majlis palatalari, Prezident yoki Vazirlar Mahkamasining qaror va topshiriqlari asosida;
- Olimpiya o‘yinlari yoki boshqa xalqaro sport musobaqalari doirasida
tashkil etilsa, tegishli adliya organiga kamida 1 kun oldin xabar beriladi.
Tadbir ma’lumotlari o‘zgarsa nima qilish kerak?
Xabarnomadagi ma’lumotlar o‘zgarsa, o‘zgargan ma’lumotlar tadbirdan kamida 3 ish kuni oldin, xorijiy tashriflar bo‘yicha esa kamida 1 ish kuni oldin qayta yuboriladi.
Agar NNT tadbirni o‘tkazmaslikka qaror qilsa, yuborilgan xabarnomani bekor qilishi lozim.
Eslatma: xabarnomani yuboruvchi vakolatli shaxs undagi ma’lumotlarning to‘g‘riligi va xabarnomaning o‘z vaqtida yuborilishi uchun mas’ul hisoblanadi.