Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 13792 marta o'qildi

Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha davlat xizmatlari

  • Reglament yuridik va jismoniy shaxslar yoki ularning buyurtmasiga (shartnomaga) muvofiq loyiha tashkilotlari tomonidan berilgan so‘rovnomaga asosan er maydoni hajmidan qat’i nazar, barcha turdagi binolar, inshootlar, yakka tartibdagi uy-joylar, ko‘p kvartirali uylar, suv ta’minoti, kanalizatsiya va oqova suvlarni tozalash tizimlari, gidrotexnika inshootlari va boshqa ob’ektlarning loyiha-smeta hujjatlarining arxitektura qismini ko‘rib chiqish va kelishish tartibini belgilaydi.          

Loyiha-smeta hujjatlari tegishli litsenziyasi bo‘lgan loyiha tashkiloti tomonidan ishlab chiqiladi. Loyiha-smeta hujjatlarida bino va inshoot hamda yakka tartibdagi uy-joyning umumiy maydoni (kvadrat metr) ko‘rsatilishi kerak.


Ikki qavatdan yuqori bo‘lmagan (tsokolni hisobga olmagan holda), balandligi er yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lmagan yakka tartibdagi uy-joylar va 300 metr kubdan ortiq bo‘lmagan noturar bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruktsiya qilish loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish va qurilish sohasida hududiy nazorat inspektsiyalaridan ro‘yxatdan o‘tkazish talab etilmaydi.

  • Loyiha-smeta hujjatlarini kelishmasdan bino-inshootlarni qurish va rekonstruktsiya qilish taqiqlanadi.

Yakka tartibdagi uy-joylarni qurish loyiha-smeta hujjatlari quyidagilardan iborat bo‘ladi
  1. er usti (uy-joy qurilishi uchun yangi ajratilgan er uchastkalari uchun — er osti muhandislik kommunikatsiyalari aks ettirilgan) er uchastkasi tarhi;
  2. yakka tartibdagi uy-joyning poydevorlari, erto‘lalari, qavatlari, ularning qirqimlari va binoning old tomoni tarhlari;
  3. moliyaviy smeta hisob-kitobi (kredit olishga ehtiyoj bo‘lgan taqdirda).

Bino va inshootlarning loyiha-smeta hujjatlarining arxitekturaga oid qismida bino va inshootning joylashishi aks ettirilgan loyiha rejasi, rangli fasadlari, qavatlar rejalari, qirqimlari, qurilish ob’ektining bosh rejasi bo‘ladi.

Loyiha-smeta hujjatlari
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalari huzuridagi hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari tomonidan — tarixiy zonalarda, madaniy yodgorliklarni qo‘riqlash zonalarida, Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida quriladigan ob’ektlarning hamda davlat ob’ektlari bo‘yicha besh ish kuni mobaynida;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalari tomonidan — ikki qavatdan yuqori (tsokolni hisobga olmagan holda), balandligi er yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan yakka tartibdagi uy-joylar va 300 metr kubdan ortiq bo‘lgan noturar bino va inshootlar bo‘yicha uch ish kuni mobaynida;
  • tuman (shahar) qurilish bo‘limlari tomonidan — ikki qavatdan yuqori bo‘lmagan (tsokolni hisobga olmagan holda), balandligi er yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lmagan yakka tartibdagi uy-joylar va 300 metr kubdan ortiq bo‘lmagan noturar bino va inshootlar bo‘yicha uch ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi va kelishiladi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi
  1. Ariza beruvchilar loyiha-smeta hujjatlarini kelishish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YaIDXP) davlat xizmatidan elektron shaklda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
  2. Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish uchun arizalar YaIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’iy nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin. Bunda arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlari tushganda navbatdagi ish kuni arizalarning vakolatli organga tushgan va qabul qilingan kun hisoblanadi.
  3. O‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa — ariza beruvchi mustaqil ravishda ilovada keltirilgan shakl bo‘yicha davlat xizmatidan foydalanish uchun so‘rovnomani elektron shaklda to‘ldiradi.
  4. So‘rovnomaga loyiha-smeta hujjatlarining elektron ko‘rinishdagi eskiz loyihasi PDF yoki JPEG formatda ilova qilinadi.

Ariza beruvchilardan yuqorida ko‘rsatilmagan ma’lumotlarni hamda boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.


  • Ariza beruvchi zarur ma’lumotlarni so‘rovnomaga kiritgandan so‘ng uni o‘z ERI bilan tasdiqlaydi.
  • O‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, so‘rovnomani ERI bilan tasdiqlash imkoniyati bo‘lmagan hollarda tegishli imzolarni identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo va boshqalar) bilan so‘rovnoma tasdiqlanishi mumkin.

Davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.

Quyidagilar davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi
  1. so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi;
  2. davlat xizmati ko‘rsatish uchun yig‘imni to‘lamaslik;
  3. tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasdan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilganligi;
  4. zarur hollarda bino va inshoot qismlari rangining atrofdagi bino va inshootlar arxitektura ko‘rinishiga va tabiiy landshaft arxitekturasiga uyg‘unlashtirilmaganligi;
  5. bino va inshoot qismlaridagi yaxlit ranglar va shakllar (parapet, pilyastr, deraza, eshik va hokazo) mazkur bino va inshootlarning funktsional vazifasiga yoki umumiy arxitektura ko‘rinishiga mos kelmasligi.
  • Davlat xizmatlari ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi.

Xulosa beruvchilar, vakolatli organ, Kengashlar hamda tuman (shahar) qurilish bo‘limlari tomonidan rad etish normativ-huquqiy hujjatning yoki shaharsozlik normalari va qoidalarining nomi, uning qismi, bandi, kichik bandi yoki xatboshisiga asoslangan bo‘lishi talab etiladi.

  • Ariza beruvchilar loyiha-smeta hujjatlarini kelishish rad etilgandan keyin o‘n kun mobaynida davlat xizmati ko‘rsatish uchun yig‘imni to‘lamasdan loyiha-smeta hujjatlarini kelishish uchun qayta murojaat qilish huquqiga ega.

Ariza beruvchilar tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini kelishishni rad etish uchun asos bo‘lgan sabablar bartaraf etilganda takroran kelishish:

  1. Kengashlar tomonidan besh ish kunida;
  2. vakolatli organ hamda tuman (shahar) qurilish bo‘limlari tomonidan ikki ish kunida amalga oshiriladi.


  • Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish sxemasi
Chat