Davlat oliy ta’lim tashkilotlarining magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va tahsil olayotgan xotin-qizlar uchun bir o‘quv yiliga belgilangan kontraktning to‘liq summasi Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.
Tartib, shuningdek:
— Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi;
— Huquqni muhofaza qilish akademiyasi;
— Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi;
— Bank-moliya akademiyasi magistraturasida kontrakt asosida o‘qiyotgan xotin-qizlarga ham tatbiq etiladi.
Talabgorning o‘quv yili uchun belgilangan oddiy to‘lov-kontraktning to‘liq summasi byudjetdan qoplanadi va ushbu mablag‘ni keyinchalik qaytarish talab etilmaydi.
Tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt summalari ushbu tartib bo‘yicha qoplanmaydi.
Tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt — qonunchilikda belgilangan hollarda bazaviy kontraktdan yuqori miqdorda belgilanadigan to‘lov.
Talaba o‘zi ta’lim olayotgan OTM rektori yoki filial direktori nomiga 15-sentabrga qadar ariza beradi.
Ushbu muddatdan keyin berilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.
OTM arizalarni 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi va umumlashtiradi. Shundan keyin talabgorlar ro‘yxati tegishli vazirlik yoki idoraga yuboriladi.
Qoplab beriladigan mablag‘lar belgilangan tartibda OTMning tegishli g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
2026-yil iyundan ushbu tartib Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilari uchun maqsadli tashkil etilgan magistratura talabalariga tatbiq etilmaydi.
Boshqa davlat OTMlarida kontrakt asosida magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlar uchun umumiy imtiyoz saqlanadi.