Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 5815 marta o'qildi

Hukumat qarori (451-son, 16.08.2022-y.) bilan Oilaviy bolalar uylari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

  • Nizomga muvofiq, oilaviy bolalar uyi tuman (shahar) hokimi qarori bilan tashkil etiladi.
  • Bolalarni oilaviy tarbiyaga olish istagida bo‘lganlar hokimlikka ariza beradi.

Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
  • tibbiyot muassasasining vrachlik-maslahat komissiyasining nomzodlar sog‘lig‘i to‘g‘risidagi xulosasi;
  • nomzodlarning tutingan ota-onalarni tayyorlash kursidan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikat nusxasi.

Arizani topshirish vaqtida nomzodlarning o‘zi va farzandlarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarining asli ko‘rsatiladi.

O‘zbekiston Respublikasining nikohdan o‘tgan, 35 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan fuqarolari tutingan ota-onalar bo‘lishi mumkin.

Quyidagi shaxslar bundan mustasno:
  • a) oilaviy bolalar uyiga qabul qilinayotgan etim bo‘lmagan bolalar bilan yaqin (bobo, buvi, tug‘ishgan yoki o‘gay aka, opa) qarindoshligi bo‘lganlar;
  • b) sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
  • v) ota-onalik huquqlaridan mahrum etilganlar yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;
  • g) o‘zlariga yuklangan majburiyatlarni zarur darajada bajarmaganlik uchun vasiylik (homiylik) majburiyatidan chetlashtirilganlar yoki shu sabab bilan oilaga tarbiya (patronat)ga berish bo‘yicha shartnomasi bir tomonlama bekor qilingan shaxslar;
  • d) agar farzandlikka olish ularning aybi bilan sud tomonidan bekor qilingan bo‘lsa, sobiq farzandlikka olganlar;
  • e) quyidagi kasalliklardan biri mavjud bo‘lgan shaxslar:
    • I, II, V guruh dispanser hisobidagi barcha joylashinuv shaklidagi sil kasalliklari (faol va surunkali);
    • barcha joylashinuvli yomon sifatli onkologik kasalliklar;
    • narkologik kasalliklar (alkogolizm, narkomaniya, toksikomaniya);
    • aqli zaiflikning barcha turlari;
    • tanosil kasalliklarining maishiy yo‘l bilan yuquvchi turlari (zaxm, so‘zak);
    • mehnatga yaroqlilikni inkor etuvchi I va II guruh nogironligiga olib keluvchi barcha kasalliklar va jarohatlar;
  • j) «Temir daftar», «Ayollar daftari»ga kiritilgan, «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimida ro‘yxatga olingan oilalarning a’zolari;
  • z) hayotga, sog‘liqqa qarshi jinoyatlar, hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan jinoyatlar, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi, shaxsning ozodligiga, sha’ni va qadr-qimmatiga qarshi (bundan tuhmat, haqorat qilish mustasno), fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi jinoyatlar va boshqalar;
  • i) turar joyga nisbatan mulk huquqi yoki turar joydan foydalanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar.

  • Oilaviy tarbiyalash uchun tug‘ilganidan boshlab 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar beriladi.

10 yoshga to‘lgan va undan yuqori yoshdagi bolalarni oilaviy bolalar uyiga faqat ularning roziligi bilan berish mumkin.

  • Oilaviy bolalar uyiga tarbiyalash uchun 3 yoshdan kamida 3 nafar, lekin ko‘pi bilan 5 nafar bola beriladi.
  • Oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarning yashash xarajatlari Davlat byudjetidan qoplanadi.

Tutingan ota-onalarga har bir tarbiyalanuvchi bolaning yashash xarajatlari uchun har oyda 7 yoshgacha bolalarga BHMning 5 baravari8-18 yoshdagilar uchun BHMning 7 baravari miqdorida pul ajratiladi.

Chat