Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 18884 marta o'qildi

Itni ro‘yxatdan o‘tkazish va emlash shartmi?

Ha. Aholi punktlarida saqlanayotgan itlar ro‘yxatdan o‘tkaziladi va har yili qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Ro‘yxatga olishda veterinariya pasporti rasmiylashtiriladi.

Itlar zotidan qat’i nazar 3 oylikdan boshlab quturishga qarshi emlanishi kerak. Yangi sotib olingan itning avvalgi emlash muddati noma’lum bo‘lsa, uni 1 hafta ichida emlatish, veterinariya pasportini rasmiylashtirish va ro‘yxatga qo‘yish talab etiladi.

Kvartirada qancha hayvon saqlash mumkin?

Ko‘p kvartirali uyning alohida kvartirasida belgilangan roziliklar mavjud bo‘lganda 1 ta it va 1 ta mushukdan oshmagan miqdorda saqlashga ruxsat beriladi.

Alohida hovlida it bog‘langan holda yoki uning mustaqil chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaydigan o‘ralgan hududda saqlanishi kerak.

Itning soat 08:00 gacha va 22:00 dan keyin uzluksiz vovullashiga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilishi lozim.

Jamoat joyida it bilan qanday yurish kerak?

It egasi atrofdagi odamlar va boshqa hayvonlar xavfsizligini ta’minlashi shart.

Mast holatdagi shaxslar va 14 yoshga to‘lmagan bolalarga itni sayr qildirish taqiqlangan. Hayvon qoldirgan axlat egasi tomonidan darhol tozalanishi kerak.

It va mushukni jamoat transportida olib yurish mumkinmi?

Umumiy qoida bo‘yicha hayvonlar bilan jamoat transportiga chiqish cheklangan.

Biroq kichik itlar va mushuklarni hayvonning sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmaydigan, uning qochib ketishiga yo‘l qo‘ymaydigan ko‘chma qurilmada va boshqa yo‘lovchilarning xotirjamligiga xalaqit bermagan holda olib yurishga ruxsat etiladi.

Hayvon odamni tishlasa nima qilish kerak?

It yoki mushuk odamni yoxud boshqa hayvonni tishlasa, egasi hayvonni darhol veterinariya xizmatiga olib borib, tekshiruvdan o‘tkazishi va 10 kun davomida ajratib qo‘yilishini ta’minlashi kerak.

Qoidalarni buzganlik uchun qanday jarima bor?

Hayvonlarni saqlash qoidalarini buzganlik uchun:

  • fuqarolarga — 3 BHMdan 5 BHMgacha;
  • mansabdor shaxslarga — 5 BHMdan 10 BHMgacha jarima solinadi.

Agar huquqbuzarlik odamlar sog‘lig‘i yoki jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkiga zarar etkazsa, fuqarolarga 10–15 BHM, mansabdor shaxslarga 15–30 BHM jarima qo‘llanilishi mumkin.

Eslatma: jamoat transportida kichik it yoki mushukni olib yurishga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, hayvon xavfsiz ko‘chma qurilmada bo‘lishi va boshqa yo‘lovchilarga xalaqit bermasligi shart.

Chat