Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 16630 marta o'qildi

Vakolatli organ qaysi?

Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish yoki ko‘chirib o‘tkazishga doir ruxsatnomalar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining tegishli hududiy bo‘linmalari tomonidan rasmiylashtiriladi.

Bular Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tegishli ekologiya organi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmalaridir.

Qanday murojaat qilinadi?

Jismoniy yoki yuridik shaxs ruxsatnoma olish uchun maxsus elektron tizim orqali ariza beradi.

Arizada, jumladan:

  • daraxt yoki butaning turi va soni;
  • joylashgan aniq manzili;
  • kesish yoki ko‘chirib o‘tkazishdan maqsad;
  • ariza beruvchi haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.

Ariza qancha vaqtda ko‘rib chiqiladi?

Amaldagi tartib bo‘yicha arizani ko‘rib chiqish muddati — 10 ish kuni.

Ruxsat berish jarayonida daraxtning holati joyiga chiqqan holda o‘rganilishi, uni saqlab qolish yoki ko‘chirib o‘tkazish imkoniyati baholanishi hamda qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda jamoatchilik eshituvi o‘tkazilishi mumkin.

Qurigan yoki kasal daraxt uchun ham ruxsatnoma kerakmi?

Qurigan yoki kasallangan daraxtni tanasidan yoki tag qismidan sanitariya maqsadida kesish maxsus komissiya xulosasi asosida to‘lovsiz ruxsatnoma bilan amalga oshiriladi.

Daraxt va butalarning faqat shoxlarini sanitariya maqsadida kesish yoki butash uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.

Eslatma: daraxtning shoxini sanitariya maqsadida butash bilan uning tanasini yoki tag qismini kesib tashlash bir xil tartib emas. Daraxtni butunlay kesishdan oldin ruxsatnoma talab etilishini tekshirish zarur.

Chat