Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 8299 marta o'qildi

Davlat tomonidan turizm sohasiga bo‘lgan e’tibor qanday?

Davlatning turizm sohasidagi siyosati qo‘yidagilarga yo‘naltirilgan:

  • mazkur sohani mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida rivojlantirish;
  • sayohatlarni amalga oshirish chog‘ida fuqarolarning dam olish, erkin harakatlanishga bo‘lgan huquqlarini va boshqa huquqlarini ta’minlash;
  • turistik resurslardan oqilona foydalanish va ularni saqlash;
  • normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
  • ichki turizmni rivojlantirish, shu jumladan ijtimoiy turizmni rivojlantirish doirasida bolalar, yoshlar, keksalar, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining kam ta’minlangan qatlamlari uchun turizm hamda ekskursiyalarni tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
  • turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish va investitsiyalar kiritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
  • mazkur sohada davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish;
  • tadbirkorlik sub’ektlari uchun turistik xizmatlar bozorida teng imkoniyatlar yaratish;
  • turizm sohasining sub’ektlariga soliq va bojxona imtiyozlarini belgilash orqali rag‘batlantirish;
  • turistlar va ekskursantlarning xavfsizligini, ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari va mol-mulki himoya qilinishini ta’minlash;
  • ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va rivojlantirish;
  • kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
  • xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
  • O‘zbekiston Respublikasining turizm uchun jozibador mamlakat sifatidagi nufuzini oshirish;
  • turizm sohasi sub’ektlarini ular turistik bozorlarda milliy turistik mahsulotni targ‘ib qilishida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;
  • ilg‘or innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini rag‘batlantirish;
  • turistik zonalar va turistik klasterlarning rivojlantirilishini rag‘batlantirish.

Ichki turizmni rivojlantirish uchun qanday davlat dasturlari mavjud?

Respublika iqtisodiyotida turizmni strategik darajaga ko‘tarish, ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish va hajmini keskin ko‘paytirish, fuqarolarni mamlakatimizning turizm salohiyati bilan tanishtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, taqdim etilayotgan turizm xizmatlari sifatini yaxshilash va jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, zamonaviy xizmatlar infratuzilmasini jadal rivojlantirish, shuningdek, aholini ish bilan ta’minlash va ularning daromad manbaini kengaytirish maqsadida 2022-yil 1-iyundan boshlab «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida:

  • jamoa shartnomalariga ish beruvchilar tomonidan xodimlar uchun yiliga bir marotaba mahalliy sayohatga chiqish imkonini yaratish qoidalari kiritiladi;
  • sayohat xarajatlarining bir qismi ish beruvchilarning byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplab beriladi.

Turizm sohasida tabdirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchiman, davlat tomonidan qanday moliyaviy ko‘makka umid qilsam bo‘ladi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Turizm, madaniyat, madaniy meros va sport sohalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish to‘g‘risida"gi farmoniga asosan 2022-yil 1-maydan boshlab yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Davlat byudjetidan Turizm va sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan har bir tashabbuskorga 50 mln so‘m miqdorida, jami 10 mlrd so‘mgacha grantlar ajratiladi.

Bunda:

  • grant mablag‘lari onlayn to‘lovlarni qabul qiluvchi zamonaviy veb-sayt yaratishga, xorijiy mamlakatlardagi turizm ko‘rgazma va yarmarkalarida ishtirok etishga yo‘naltiriladi;
  • grant mablag‘lari belgilangan tartibda xorijiy mamlakatlardan O‘zbekiston Respublikasiga uch yil davomida kamida 200 nafar xorijiy turistlar uchun tur tashkil qilish sharti bilan ajratiladi.

Davlatimizda turizm sohasida Turkiy davlatlar bilan hamkorlik borasiza qanday yangiliklar mavjud?

O‘zbekiston Respublikasining Prezidentining "Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan quyidagilarni nazarda tutuvchi turkiy dunyo doirasida «Tabarruk ziyorat» turizm kontseptsiyasi tasdiqlangan:

  • Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar bilan turizm sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash;
  • ziyorat va madaniy meros ob’ektlariga turlarni tashkil qilish va yangi sayohat marshrutlarini ishlab chiqish;
  • ziyorat va madaniy-tarixiy turizm doirasida muntazam targ‘ibot tadbirlarini tashkil etib borish;
  • Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Marg‘ilon, Qo‘qon, Termiz va boshqa tarixiy shaharlarda buyuk allomalarning ilmiy va madaniy merosi to‘g‘risida seminar, simpozium, konferentsiya, ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazish hamda ilmiy-ommabop nashrlarda materiallar e’lon qilish orqali sayyohlarni jalb etish;
  • Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bilan hamkorlikda ilmiy-tahliliy materiallar, badiiy, teatr va kino asarlari, videoroliklar, kitoblar, tarqatma materiallar va boshqa ko‘rinishdagi targ‘ibot materiallarini tayyorlash;
  • Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida o‘zaro hamkorlik orqali «Tabarruk ziyorat» brendini yaratish va targ‘ib qilish;
  • Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlatlar, shuningdek, turkiy xalqlar diasporalari keng tarqalgan boshqa mamlakatlardan turistlarni mamlakatimizga keng jalb qilish;
  • tashkil etiladigan turli tadbirlar va loyihalar orqali turkiy xalqlar yosh avlod vakillarining o‘zaro madaniy yaqinlashuviga erishish, ularda milliy urf-odatlar va ajdodlarga hurmat kabi yuksak qadriyatlarni shakllantirish.

Chat