Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 36896 marta o'qildi

Qachon nikohdan ajratish uchun sudga murojaat qilinadi?

Nikohdan ajratish, qoida tariqasida, quyidagi holatlarda sud tartibida amalga oshiriladi:

  • er-xotinning voyaga etmagan umumiy farzandlari bo‘lsa;
  • turmush o‘rtoqlardan biri nikohdan ajratishga rozi bo‘lmasa;
  • er yoki xotin FHDYo orqali ajratish imkoniyati bo‘lsa ham, tegishli harakatlarni amalga oshirishdan bosh tortsa;
  • bolalar, umumiy mol-mulk yoki turmush o‘rtoqni ta’minlash bo‘yicha nizo mavjud bo‘lsa.

Da’vo fuqarolik ishlari bo‘yicha tegishli tumanlararo, tuman yoki shahar sudiga beriladi.

Sudga qanday hujjatlar kerak?

Murojaatga ishning holatiga qarab, jumladan:

  • nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma;
  • voyaga etmagan bolalarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari;
  • davlat boji to‘langanini tasdiqlovchi hujjat;
  • bolalar, aliment, mol-mulk yoki boshqa talablarga oid dalillar ilova qilinadi.

Nikohdan ajratish haqidagi da’vo arizasidan 2 BHM miqdorida davlat boji undiriladi. Takroriy nikohni bekor qilish to‘g‘risidagi da’vo bo‘yicha boj 4 BHMni tashkil etadi. Agar bir vaqtning o‘zida mol-mulkni bo‘lish talabi ham qo‘yilsa, bu talab bo‘yicha davlat boji da’vo bahosidan kelib chiqib alohida hisoblanadi.

Sud qanday masalalarni hal qiladi?

Agar sud er-xotinning bundan keyin birgalikda yashashi va oilani saqlab qolishi mumkin emasligini aniqlasa, nikohdan ajratish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Taraflar o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa yoki kelishuv bola manfaatlariga zid bo‘lsa, sud ish doirasida:

  • voyaga etmagan bola qaysi ota-ona bilan yashashini;
  • bola uchun alimentni kimdan va qancha miqdorda undirishni;
  • muhtoj mehnatga layoqatsiz turmush o‘rtog‘iga ta’minot berish masalasini;
  • talab qilingan holda umumiy mol-mulkni bo‘lishni ham hal qilishi mumkin.

Yarashish uchun qancha muhlat berilishi mumkin?

Sud oilani saqlab qolish imkoniyati bor deb hisoblasa, ishni keyinga qoldirib, er-xotinga yarashish uchun 6 oygacha muhlat tayinlashi mumkin.

Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxs talab qilsa, sud yarashish uchun muhlat tayinlamaydi.

Shuningdek, er xotinining roziligisiz xotinning homiladorligi vaqtida va bola tug‘ilganidan keyin 1 yil mobaynida nikohdan ajratish to‘g‘risida ish qo‘zg‘atishga haqli emas.

Sud qaroridan keyin nima qilish kerak?

Sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach, er yoki xotindan biri nikohdan ajratishni FHDYo organida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishi kerak.

Arizani FHDYo organiga bevosita yoki YaIDXP orqali berish mumkin. Vakil ham ishonchnoma asosida murojaat qilishi mumkin. Elektron murojaatdan so‘ng sud qarorining asl nusxasi 5 ish kuni ichida taqdim etiladi.

Sud qarori nikohni avtomatik ravishda tugatmaydi. Nikoh FHDYo organida nikohdan ajratish qayd etilgan kundan boshlab tugagan hisoblanadi.

Chat