Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 5147 marta o'qildi

Keksalar uchun 152 ta tuman va shaharda «Nuroniylar maskani» majmualari tashkil etildi, barcha ishlovchi pensionerlarga pensiyalarni to‘liq miqdorda to‘lash yo‘lga qo‘yildi, viloyatlar, tumanlar va shaharlarda nuroniylar jamoatchilik kengashlari, mahallalarda «Keksalar maslahati» guruhlari tashkil etildi, «Keksalar haftaligi» va «Keksalar uchun turizm oyligi»ni o‘tkazish an’anaga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasi Qambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi unga yuklatilgan asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlaridan kelib chiqib, mahallalarda nuroniy va keksalar bilan ishlarni takomillashtirish yo‘nalishida quyidagi tadbirlarni amalga oshiradi:

  • mahallalarda «Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul» tamoyilini qaror toptirishda tashabbuskorlik ko‘rsatayotgan ijtimoiy faol nuroniylarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash;
  • vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, korxona va tashkilotlardagi «Faxriylar kengashlari», fuqarolar yig‘inlaridagi «Keksalar maslahati» guruhlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • mehnat faxriylarining mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishdagi ishtirokini kengaytirish;
  • «Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin» shiori ostida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan keksalar va nuroniylar holidan doimiy xabar olish tizimini tashkil qilish hamda ijtimoiy himoya dasturlari doirasida davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlash;
  • keksalar va faxriylarning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida «Nuroniylar maskani» majmualarida va mahallalarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish;
  • fuqarolar yig‘inlari raislarining keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchilari va mahallalardagi boshqa jamoatchilik tuzilmalarining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash.

Mahallalarda aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar, maktablarda o‘quvchilarning darslarni o‘zlashtirishi, davomati, bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan fuqarolarni ish bilan ta’minlash darajasi va boshqa davlat xizmatlarining ko‘rsatilishi bo‘yicha nuroniylarning jamoatchilik nazorati o‘rnatildi.

2022-yil 1 apreldan boshlab:
  • a) Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashaydigan keksalar har yili bir marotaba sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtiriladi;
  • b) Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan sharoiti og‘ir va kam ta’minlangan keksalarga shifokorlarning retseptlariga asosan 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalari, tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalari olib beriladi hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlari qoplanadi;
  • v) Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan og‘ir tashxisli kasalliklari hamda nogironligi bo‘lgan keksalarga shifokorlarning retseptlariga muvofiq, 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalarining 50 foizigacha bo‘lgan summasi kompensatsiya qilinadi.
  • Bunda, dori vositalarining ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishiladi hamda Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligining qarori qabul qilingan kundagi dori vositalarining tegishli summasi kompensatsiya qilinadi;
  • g) Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan keksalarning jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi muassasalarda (stadion, sport zallari, basseyn va boshqa sport majmualari) jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun abonement xarajatlari qoplanadi.
  • Bunda, abonement xarajatlarining bir oylik summasi bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan oshmagan holda sport yo‘nalishidagi muassasalarning hisob raqamiga o‘tkazib boriladi;
  • d) Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan davlat teatrlari va muzeylariga keksalar uchun chipta narxlari to‘liq qoplab beriladi.

Chat