Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 19509 marta o'qildi

I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxsni rasmiy ishga qabul qilgan tadbirkorlik sub’ektiga bandlikka ko‘maklashish subsidiyasi ajratilishi mumkin.


Xususiy bandlik tashkiloti ham nogironligi bo‘lgan shaxsni belgilangan shartlarda boshqa ish beruvchiga ishga joylashtirgani uchun subsidiya olish huquqiga ega.

Subsidiya olish shartlari

Subsidiya olish uchun:

  • xodim I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar elektron reestrida turishi;
  • u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilishi;
  • xodim kamida 3 oy uzluksiz rasmiy ishlashi;
  • unga har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining kamida 2 baravari miqdorida ish haqi hisoblanishi kerak.

Subsidiya miqdori

Har bir ishga qabul qilingan I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs uchun subsidiya:

  • bir marta;
  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravari miqdorida ajratiladi.

Bir tadbirkorlik sub’ektiga ajratiladigan bandlikka ko‘maklashish subsidiyalarining umumiy miqdori 500 million so‘mgacha bo‘lishi mumkin.

Qanday murojaat qilinadi?

Belgilangan shartlar bajarilganidan keyin tadbirkorlik sub’ekti:

  • «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi;
  • yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali

orqali elektron so‘rovnoma yuboradi.

So‘rovnoma ERI yoki OneID orqali tasdiqlanadi. Ariza va zarur ma’lumotlar 2 ish kuni ichida elektron tarzda tekshiriladi.

Subsidiya qaysi hollarda rad etiladi?

Quyidagi hollarda subsidiya ajratilmaydi:

  • xodim elektron reestrda mavjud bo‘lmasa;
  • mehnat shartnomasi Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa;
  • 3 oylik ish haqi belgilangan miqdorda hisoblanmagan bo‘lsa;
  • mazkur xodim uchun oldin ham bandlikka ko‘maklashish subsidiyasi ajratilgan bo‘lsa.

Ish joyiga moslashtirish uchun subsidiya

I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun:

  • surdotarjimon;
  • psixolog;
  • hamrohlik xizmati

tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlariga xarajatlarni qisman qoplash uchun 50 million so‘mgacha alohida subsidiya ajratilishi mumkin.

Chat