Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 14255 marta o'qildi

Nogironlik pensiyalari qonunchilikda belgilangan tartibda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar deb topilgan shaxslarga, shuningdek Chernobilь AESdagi avariya tufayli mayib bo‘lish yoki kasallik oqibatida III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar deb topilgan shaxslarga tayinlanadi.

  • Nogironlik sabablari va guruhlari, shuningdek nogironlik boshlangan vaqt va nogironlikning qancha muddatga belgilanishi Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari (TIEK) tomonidan aniqlanadi.

Nogironlik pensiyasi TIEK tomonidan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar deb topilgan, sug‘urta qilingan xodimlarga:

  • mehnatda mayib bo‘lganligi yoki kasb kasalligiga chalinganligi tufayli — mehnat faoliyatining muddatidan qat’i nazar;
  • boshqa sabablar tufayli — muddati sug‘urta qilingan xodimning nogironlik ro‘y bergan vaqtdagi yoshiga bog‘liq tegishli umumiy mehnat stajiga ega bo‘lgan taqdirda tayinlanadi.

  • Pensiya tayinlash haqida murojaat qilish

Pensiya tayinlash masalalari bo‘yicha yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasining bo‘limlariga:

  • ishlayotganlar  tashkilot ma’muriyati orqali;
  • dehqon xo‘jaliklari a’zolari, yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar ariza bilan murojaat qiladilar;
  • ishlamaydigan fuqarolar arizani mustaqil o‘zlari  yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga beradilar.

Pensiya tayinlashda taqdim etiladigan hujjatlar

Nogironlik pensiyasini tayinlashni so‘rab murojaat qilgan shaxsning arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak:

  • ish stajini, shu jumladan maxsus ish stajini tasdiqlaydigan hujjat;
  • ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.

Zarurat bo‘lgan hollarda boshqa hujjatlar ham talab etilishi mumkin. 

Nogironlik pensiyasini tayinlash muddatlari
  • pensiya olish huquqi paydo bo‘lgan kundan boshlab 60 kungacha murojaat qilinsa – TMEK tomonidan nogironlik belgilangan kundan boshlab;
  • 60 kunlik murojaat qilish muddati o‘tkazib yuborilgan xollarda murojaat qilingan kundan boshlab tayinlanadi.

Nogironlik pensiyalari TMEK tomonidan belgilangan butun nogironlik davri uchun tayinlanadi.

60 yoshdan oshgan erkak va 55 yoshdan oshgan ayollarga nogironlik pensiyalari umrbod tayinlanadi.

Ana shu nogironlarni qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish faqat ularning arizasiga binoan amalga oshiriladi

Nogironlik pensiyasini olish huquqini beradigan ish staji

Mehnatda mayiblanganda yoki kasb kasalligiga uchraganda beriladigan nogironlik pensiyalari ish stajidan qat’i nazar, tayinlanadi.

Umumiy kasallik tufayli beriladigan nogironlik pensiyalari nogironlik boshlangan paytga qadar quyidagicha ish stajiga ega bo‘lgan taqdirda tayinlanadi:

Yosh

Ish staji

23 yoshga qadar

2

23 yoshdan 26 yoshga qadar

3

26 yoshdan 31 yoshga qadar

5

31 yoshdan 36 yoshga qadar

7

36 yoshdan 41 yoshga qadar

9

41 yoshdan 46 yoshga qadar

11

46 yoshdan 51 yoshga qadar

14

51 yoshdan 56 yoshga qadar

17

56 yosh va undan oshganda

20

20 yoshga to‘lgunga qadar umumiy kasallik tufayli ish davrida yoki ishlash to‘xtatilganidan keyin nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilgan fuqarolarga pensiyalar ish stajidan qat’i nazar tayinlanadi.

Mehnatda mayiblanganda yoki kasb kasalligiga uchraganda beriladigan nogironlik pensiyasidan umumiy kasallik tufayli beriladigan nogironlik pensiyasiga o‘tkazilganda zarur staj nogironlik dastlab belgilangan vaqtdagi yoshga qarab aniqlanadi.

Ayrim shaxslar toifalari pensiyaga ustama haq olish huquqiga ega.

Pensiyaga ustama haqlar quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

a) I guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslarga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 150 foizi;
b) II guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslariga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 125 foizi;
v) ko‘rish bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslariga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foizi;
g) I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslariga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 75 foizi;
d) II guruh yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxslariga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 75 foizi;

I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lsa, fuqaroning arizasi asosida ish staji va ish haqi inobatga olingan holda pensiya har 2 yilda bir marotaba qayta hisoblab chiqiladi. Bunda pensiyani qayta hisoblash fuqaro pensiya miqdorini qayta hisoblash uchun ariza bergan sanadagi belgilangan yoshga nisbatan talab qilingan ish stajidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

  • Pensiyani hisoblash tartibi bilan tanishish uchun quyidagi havolaga o‘ting.
  • O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilish uchun quyidagi "1140" ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qiling.
  • O‘zbekiston Respublikasi Xalq bankiga murojaat qilish uchun quyidagi havolaga o‘ting yoki "1106" ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qiling.

Hayotiy misol

Savol: V. ismli shaxs mehnatda mayiblanganlik yoki umumiy kasallik sababli, nogironlikka chiqqan fuqaroga nogironlik pensiyasini tayinlash uning ish stajiga bog‘liq yoki bog‘liq emasligi haqida so‘radi. 

Javob: Mehnatda mayiblanganda yoki kasb kasalligiga uchraganda beriladigan nogironlik pensiyalari ish stajidan qat’i nazar, tayinlanadi. 

Umumiy kasallik tufayli beriladigan nogironlik pensiyasi esa nogironlik boshlangan paytga qadar qonunda belgilangan miqdordagi ish stajiga ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan tayinlanadi. Xususan, 23 yoshga qadar – 2 yil, 23 yoshdan 26 yoshga qadar – 3 yil, 26 yoshdan 31 yoshga qadar – 5 yil, 31 yoshdan 36 yoshga qadar – 7 yil, 36 yoshdan 41 yoshga qadar – 9 yil, 41 yoshdan 46 yoshga qadar – 11 yil, 46 yoshdan 51 yoshga qadar – 14 yil, 51 yoshdan 56 yoshga qadar – 17 yil, 56 yosh va undan oshganda – 20 yil ish staji bo‘lishi lozim.

Chat