Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 17913 marta o'qildi

Xizmatning mazmuni

Notarius jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan berilgan hujjatlar nusxalarining hamda hujjatlardan olingan ko‘chirmalarning asl hujjatga muvofiqligini shahodatlaydi.

Notarius hujjatda bayon etilgan faktlarning haqiqiyligini emas, nusxa yoki ko‘chirmaning taqdim etilgan asl hujjatga mosligini tasdiqlaydi.

Taqdim etiladigan hujjatlar

Murojaat qiluvchi:

  • pasport, identifikatsiya ID-kartasi yoki qonunchilikda belgilangan boshqa shaxsni tasdiqlovchi hujjatni;
  • nusxasi yoki ko‘chirmasi shahodatlanadigan hujjatning asl nusxasini taqdim etadi.

Nusxadan olingan nusxa faqat:

  • avvalgi nusxa notarial tartibda shahodatlangan bo‘lsa; yoki
  • nusxa asl hujjatni bergan tashkilot tomonidan rasmiy blankda berilib, muhrlangan va asl hujjat shu tashkilotda saqlanayotgani ko‘rsatilgan bo‘lsa, shahodatlanadi.

Hujjatdan ko‘chirma olish

Ko‘chirma faqat hujjatda o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan bir nechta alohida masalaga oid qarorlar mavjud bo‘lganda shahodatlanishi mumkin. Ko‘chirma muayyan masalaga taalluqli qismning to‘liq matnini qamrab olishi kerak.

Muhim: pasport, ID-karta yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarning nusxasi, xalqaro shartnomada bunday talab nazarda tutilgan hollardan tashqari, notarial shahodatlanmaydi.

Shahodatlangan nusxa yoki ko‘chirmaning alohida nusxasi notarial idorada qoldirilmaydi.

Muddat va to‘lov

Zarur hujjatlar taqdim etilib, haq to‘langanidan keyin notarial harakat murojaat qilingan kuni amalga oshiriladi. Qo‘shimcha ma’lumot yoki ekspertiza zarur bo‘lsa, amalga oshirish kechiktirilishi mumkin.

Davlat boji:

  • jismoniy shaxslar uchun — har bir betga BHMning 1 foizi;
  • yuridik shaxslar uchun — har bir betga BHMning 2 foizi.

Texnik vositalar yordamida nusxa tayyorlash kabi qo‘shimcha harakatlar uchun alohida haq undirilishi mumkin.

Tartib «Notariat to‘g‘risida»gi Qonun, Notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma, «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonun va qo‘shimcha harakatlar uchun to‘lovlarning maksimal miqdorlari bilan belgilangan.

Chat