Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 12888 marta o'qildi

Guvohnoma kimga beriladi

Meros ochilgan joydagi notarius vasiyatnomada ko‘rsatilgan va merosni qabul qilgan merosxo‘rning iltimosiga ko‘ra unga merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma beradi.

Voyaga etmagan, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan merosxo‘rlar nomidan qonuniy vakillari ishtirok etadi.

Notarius nimalarni tekshiradi

Notarius:

  • meros qoldiruvchining vafot etganligini;
  • meros ochilgan joyni;
  • vasiyatnomaning mavjudligi, o‘zgartirilmaganligi yoki bekor qilinmaganligini;
  • meros mol-mulkining tarkibi va meros qoldiruvchiga tegishliligini;
  • majburiy ulush olish huquqiga ega merosxo‘rlar mavjudligini;
  • murojaat qilgan shaxsning vakolati va merosni qabul qilganligini tekshiradi.

Taqdim etiladigan hujjatlar

Qoida tariqasida quyidagilar talab etiladi:

  • merosxo‘rning pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasi;
  • meros qoldiruvchining o‘lim haqidagi guvohnomasi yoki dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma;
  • meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashash joyini tasdiqlovchi ma’lumot;
  • vasiyatnomaning asl nusxasi yoki dublikati;
  • meros mol-mulkining meros qoldiruvchiga tegishliligini tasdiqlovchi hujjatlar;
  • zarur hollarda qarindoshlik, nikoh, familiya o‘zgarishi yoki mehnatga qobiliyatsizlikni tasdiqlovchi hujjatlar;
  • vakil orqali murojaat qilinganda tegishli vakolat ko‘rsatilgan ishonchnoma.

Davlat axborot tizimlaridan olinishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar notarius tomonidan elektron tarzda tekshiriladi.

Muhim: vasiyatnoma bo‘yicha meros rasmiylashtirilayotganda ham voyaga etmagan yoki mehnatga qobiliyatsiz bolalar, mehnatga qobiliyatsiz er (xotin) va ota-ona uchun belgilangan majburiy ulush hisobga olinadi.

Vasiyatnomaning merosxo‘r taqdim etgan asl nusxasi yoki dublikati davlat notarial idorasida qoldiriladi.

Guvohnoma berish muddati

Guvohnoma, odatda, meros ochilgan kundan e’tiboran olti oy o‘tganidan keyin beriladi. Agar notarius boshqa merosxo‘rlar yo‘qligi haqida ishonchli ma’lumotga ega bo‘lsa, guvohnoma bu muddat tugamasidan oldin ham berilishi mumkin.

To‘lovlar

Davlat boji:

  • ko‘chmas mulk yoki avtomototransport vositasining har biri uchun — BHMning 50 foizi;
  • boshqa mol-mulk turlari uchun — BHMning 30 foizi.

Bundan tashqari, amalga oshirilgan huquqiy va texnik harakatlar uchun belgilangan maksimal miqdorlar doirasida haq undirilishi mumkin.

Tartib O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, «Notariat to‘g‘risida»gi Qonun, Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma, «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonun va qo‘shimcha harakatlar uchun to‘lovlarning maksimal miqdorlari bilan belgilangan.

 

Chat