Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 14821 marta o'qildi

Notarius tarjimani qachon shahodatlaydi

Agar notarius asl hujjat va tarjima matni tuzilgan tegishli tillarni bilsa, u hujjatning bir tildan boshqa tilga to‘g‘ri tarjima qilinganligini shahodatlaydi.

Agar notarius tegishli tillarni bilmasa, tarjima malakali tarjimon tomonidan qilinadi. Bunday holatda notarius tarjimaning to‘g‘riligini emas, tarjimon imzosining haqiqiyligini shahodatlaydi.

Taqdim etiladigan hujjatlar

Qoida tariqasida:

  • murojaat qiluvchining pasporti yoki ID-kartasi;
  • tarjima qilinishi kerak bo‘lgan hujjatning asl nusxasi;
  • tayyor tarjima mavjud bo‘lsa, uning matni taqdim etiladi.

Tarjimon jalb qilinganda uning tegishli tilni bilishi diplom, maxsus ma’lumot haqidagi sertifikat yoki boshqa tegishli hujjat bilan tasdiqlanadi.

Tarjimani rasmiylashtirish

Agar notarial harakat bilan bir vaqtda tarjima ham amalga oshirilsa, asl matn va tarjima bitta varaqda yonma-yon joylashtirilishi mumkin: asl matn chapda, tarjima esa o‘ngda bo‘ladi.

Hujjatning butun matni, shu jumladan undagi muhrlar va boshqa yozuvlar tarjima qilinadi.

Muhim: notarius tillarni bilmagan holda tarjimon imzosini shahodatlashi tarjima mazmunining to‘g‘riligini notarius shaxsan tasdiqlaganini anglatmaydi.

Muddat va to‘lov

Barcha hujjatlar taqdim etilib, to‘lov amalga oshirilgan kuni notarial harakat bajariladi. Qo‘shimcha tekshiruv yoki ekspertiza talab qilinsa, muddat kechiktirilishi mumkin.

Tarjimaning to‘g‘riligini shahodatlash uchun davlat boji har bir betga BHMning 1 foizi miqdorida undiriladi. Tarjima xizmati, rasmiy blank va texnik harakatlar uchun alohida haq belgilanishi mumkin.

Tartib «Notariat to‘g‘risida»gi Qonun, Notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma, «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonun va qo‘shimcha harakatlar uchun to‘lovlarning maksimal miqdorlari bilan tartibga solinadi.

Chat