Savol: I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsga kreslo-aravacha kerak. Uni davlat hisobidan olish mumkinmi?
Javob: Mumkin, agar shaxsning tegishli reabilitatsiya vositasiga muhtojligi belgilangan tibbiy mezonlarga muvofiq tasdiqlansa.
Nogironligi bo‘lgan shaxsning protez-ortopediya moslamasi yoki reabilitatsiya vositasiga ehtiyoji tibbiy-ijtimoiy ekspertiza jarayonida tibbiy ko‘rsatmalar asosida belgilanadi. Ehtiyoj aniqlanganda tegishli ma’lumotlar «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimiga yuboriladi va reabilitatsiya vositasini xarid qilish uchun vaucher shakllantiriladi.
Davlat tomonidan kafolatlangan reabilitatsiya vositalari ro‘yxatida:
Vaucher shakllangandan keyin shaxs «Ijtimoiy himoya» axborot tizimi orqali tegishli elektron savdo maydonchasini va vaucherda ko‘rsatilgan vosita turini tanlab, buyurtma beradi. Sotuvchi buyurtma qabul qilinganidan keyin etkazib berish muddati haqida xabar beradi, reabilitatsiya vositasi esa yashash manzilidagi topshirish punktiga 5 kundan oshmagan muddatda etkazilishi kerak.
Davlat mablag‘i vaucher qiymati doirasida qoplanadi. Agar fuqaro vaucher qiymatidan qimmatroq modelni tanlasa, narxlar o‘rtasidagi farqni o‘zi to‘laydi.
Eslatma: nogironlik guruhining o‘zi muayyan turdagi aravachani avtomatik ravishda olish uchun etarli emas. Shaxsning aynan shu reabilitatsiya vositasiga muhtojligi belgilangan tibbiy mezonlar asosida aniqlanishi lozim.
Savol: Men ishsizlik nafaqasini olayapman. Oilam davlatdan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam ham olishi mumkinmi?
Javob: Ishsizlik nafaqasini olayotganlikning o‘zi bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni avtomatik ravishda rad etish uchun asos emas. 2026-yil 1 fevraldan bu masala oilaning Ijtimoiy reestrda qaysi toifaga kiritilgani va tegishli shartlarga qarab hal qilinadi. Avvalgi rad etish tartibini belgilagan 654-son qarorning tegishli ilovalari kuchini yo‘qotgan.
Agar oila «davlat ta’minotidagi oila» toifasiga kiritilgan bo‘lsa, bolalar nafaqasi va moddiy yordam oila a’zolarining bandlik holatidan qat’i nazar, oila mazkur toifada turgan davrda va qo‘shimcha murojaatsiz to‘lab boriladi. Oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati, qoida tariqasida, reestrga kiritilganidan 12 oy o‘tgach qayta baholanadi.
Agar oila «kambag‘al oila» toifasiga kiritilgan bo‘lsa, bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam dastlab 6 oyga, mehnatga layoqatli oila a’zolarining rasmiy bandligini ta’minlash sharti bilan tayinlanadi. Qonunchilikda band bo‘lish talabi qo‘llanilmaydigan shaxslar bundan mustasno. Rasmiy bandlik ta’minlansa, to‘lov qo‘shimcha murojaatsiz davom etadi; shart bajarilmasa, to‘lov to‘xtatiladi.
«Kambag‘allik chegarasidagi oila» toifasida bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam 6 oy davomida to‘lanadi. Oila a’zosiga to‘g‘ri keladigan daromad minimal iste’mol xarajatlarining 1 baravaridan 1,25 baravarigacha bo‘lsa belgilangan to‘lovning 75 foizi, 1,25 baravaridan 1,5 baravarigacha bo‘lsa 50 foizi to‘lanadi.
Eslatma: har bir boshqa nafaqa, subsidiya yoki ijtimoiy yordam turi uchun alohida shartlar bo‘lishi mumkin. Shu sabab ishsizlik nafaqasini olish boshqa har qanday davlat yordamini avtomatik ravishda olish huquqini ham anglatmaydi.