Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 2648 marta o'qildi

Harbiy xizmatga chaqiruv qachon bo‘lishini bilsam bo‘ladimi?

Fuqarolarning muddatli harbiy xizmatga hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan yiliga bir marta — mart — aprelь oylarida o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori chaqiruv boshlanishiga kamida bir oy qolganida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e’lon qilinganidan keyin chaqiriluvchilar, shu jumladan vaqtincha ro‘yxatda turgan, chaqiriluvchilar chaqiruv qog‘ozida ko‘rsatilgan muddatda chaqiruv punktida hozir bo‘lishi shart. Muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tamagan va harbiy ro‘yxatda turmagan chaqirilish yoshidagi fuqarolar, shuningdek doimiy turar joyidan vaqtincha boshqa joyga jo‘nab ketgan va o‘sha erda harbiy ro‘yxatda turmagan chaqiriluvchilar turar joylaridagi mudofaa ishlari organlarida hozir bo‘lishi shart.

Korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning va ta’lim muassasalarining rahbarlari xizmat safarida bo‘lgan chaqiriluvchilarni chaqirtirib olishlari va ularning chaqiruv uchastkasida o‘z vaqtida hozir bo‘lishini ta’minlashlari shart.

Ma’lumot uchun: Fuqarolarning muddatli harbiy xizmatga hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilishi

Harbiy xizmatga qanday tayyorgarlik ko‘rish mumkin?

Chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tayyorlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining umumiy rahbarligi ostida o‘tkaziladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimliklari chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tayyorlash ishlari moliyalashtirilishi hamda moddiy-texnika jihatidan ta’minlanishini amalga oshiradilar, o‘quv-moddiy bazasini barpo etadilar, bunday tayyorgarlikning tashkil etilishi uchun javobgar bo‘ladilar.

Chaqiriluvchilar bilan olib boriladigan harbiy xizmatga tayyorgarlik ishlari quyidagilarni qamrab oladi:
  • chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik;
  • chaqiriluvchilarning harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorgarligi;
  • oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishga tayyorgarlik;
  • jismoniy tayyorgarlik, davolash-sog‘lomlashtirish ishlari;
  • umumta’lim tayyorgarligi;
  • vatanparvarlik ruhida tarbiyalash.

Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik, shu jumladan fuqaro muhofazasi va tibbiy bilim asoslari bo‘yicha tayyorgarlik o‘quv dasturidagi majburiy fan bo‘lib, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim muassasalarida chaqiruvga qadar tayyorgarlik o‘qituvchilari tomonidan bitirish yili arafasidagi kurslardan yoki sinflardan boshlab o‘tiladi.

Ma’lumot uchun:

Harbiy xizmatdan qanday sabablarga ko‘ra bo‘shatish mumkin?

Harbiy xizmatchini haqiqiy harbiy xizmatdan bo‘shatish quyidagi asoslarga ko‘ra amalga oshiriladi:

1) yosh bo‘yicha — u harbiy xizmatda bo‘lish yoshi chegarasiga etganida, shu jumladan unga belgilangan tartibda uzaytirilgan harbiy xizmat muddati tugaganda;
2) muddatli harbiy xizmat muddati tugaganda — chaqiruv bo‘yicha muddatli harbiy xizmatning qonunchilikda belgilangan muddati tugaganda (bo‘shatish uchun boshqa asoslar mavjud bo‘lmaganda);
3) kontrakt muddati tugaganda — bo‘shatish uchun boshqa asoslar mavjud bo‘lmaganda, agar amaldagi kontraktning tugashi paytiga kelib harbiy xizmatchi yoki vazirlik va idora tomonidan yangi kontrakt tuzmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa;
4) tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan — harbiy xizmatchidan xizmatda foydalanish mumkin bo‘lmagan taqdirda, uni bo‘shatish uchun boshqa asoslar mavjud bo‘lmaganda;
5) sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra — u harbiy-tibbiy komissiya tomonidan harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilganligi munosabati bilan;
6) taraflardan birining tashabbusiga ko‘ra kontrakt muddatidan oldin bekor qilinganligi munosabati bilan;
7) intizomsizligi sababli oliy harbiy ta’lim muassasasidan chetlashtirilishi munosabati bilan — uni bo‘shatish uchun boshqa asoslar mavjud bo‘lmaganda;
8) harbiy xizmatchi nomiga dog‘ tushiruvchi nojo‘ya xatti-harakat sodir etganda;
9) davlat sirlaridan foydalanishdan mahrum qilinganda;
10) ozodlikdan yoki harbiy unvondan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lgan jazo choralari tayinlangan sud hukmi qonuniy kuchga kirganda;
11) qonunchilikka muvofiq O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini yo‘qotganligi yoxud boshqa davlatning fuqaroligi mavjudligi munosabati bilan.

Harbiy xizmatchilarni harbiy xizmatdan bo‘shatish ularni tegishli lavozimlarga tayinlash vakolatiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

  • Harbiy xizmatchilar harbiy xizmatdan rezervga, harbiy hisobdan chiqarilgan hollarda esa iste’foga bo‘shatiladi.
  • Rezervda bo‘lish yoshi chegarasiga etgan yoki sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra harbiy hisobdan chiqarilgan holda harbiy-tibbiy komissiya tomonidan harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotgan yoxud boshqa davlatning fuqaroligiga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar iste’foga bo‘shatiladi.

Ma’lumot uchun: Harbiy xizmatdan bo‘shatish

Oilaviy sabablarga ko‘ra muddatli harbiy xizmatni kechiktirish mumkinmi?

Chaqiriluvchilarning muddatli harbiy xizmatga, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish hududiy komissiyaning qarori asosida ularning oilaviy sharoitiga ko‘ra, salomatligiga ko‘ra, o‘qishni davom ettirishi uchun amalga oshiriladi.

Chaqiriluvchilarning muddatli harbiy xizmatga va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilish muddatini oilaviy sharoitga ko‘ra kechiktirish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

1) chaqiriluvchining ota-onasi mehnatga qobiliyatsiz bo‘lib, ularni boqishi shart bo‘lgan mehnatga qobiliyatli voyaga etgan boshqa o‘g‘li bo‘lmasa. Ota-onaning mehnatga qobiliyatsizligi qonunchilikka muvofiq aniqlanadi;

2) chaqiriluvchining mehnatga qobiliyatli yolg‘iz onasi yoki otasi bo‘lib, ularning qaramog‘ida o‘n olti yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq farzandi bo‘lgani holda mehnatga qobiliyatli voyaga etgan boshqa o‘g‘li bo‘lmasa;

3) chaqiruv kunida chaqiriluvchining tug‘ishgan aka-ukalaridan biri muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan bo‘lsa;

4) chaqiriluvchining onasiz tarbiyalanayotgan voyaga etmagan bir farzandi bo‘lsa;

5) chaqiriluvchining birinchi yoki ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan xotini va voyaga etmagan ikki va undan ortiq farzandi bo‘lsa.

Chaqiriluvchini uning ota-onasi vafot etganligi, ular uzoq muddat betobligi munosabati bilan yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra kamida 5 yildan beri o‘z qaramog‘ida saqlayotgan shaxslar uning ota-onasiga tenglashtiriladi.

  • Yuqorida ko‘rsatilgan chaqiriluvchilar o‘z roziligi va ota-onasining (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) roziligi bilan harbiy xizmatga chaqirilish muddati kechiktirilmagan holda chaqirilishi mumkin.
  • Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan chaqiriluvchilar, shuningdek oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi o‘qishda tahsil olayotgan talabalar o‘qishni davom ettirishlari uchun ularning chaqirilish muddati o‘qishni tamomlagunlariga qadar kechiktiriladi.

Oliy ta’lim muassasalaridagi ta’limning kunduzgi va kechki shaklida tahsil olayotgan talabalar o‘z roziligi bilan safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olinishi mumkin. Bunda talabalar bir oylik harbiy yig‘inlarni o‘tashga iyulь-avgustda jalb etiladi.

Ta’lim muassasalaridan o‘qishdan chiqarilgan shaxslar chaqirilish muddatini kechiktirish huquqidan mahrum bo‘ladilar.

Chaqirilish muddatini kechiktirish asoslarini yo‘qotgan chaqiriluvchilar, shuningdek Qonunga muvofiq chaqirilish muddatini kechiktirish huquqiga yoxud chaqirilishdan ozod etish uchun asoslarga ega bo‘lmagan va turli sabablarga ko‘ra muddatli harbiy xizmatga yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilmagan shaxslar chaqirilish kuni 27 yoshga to‘lguniga qadar Qurolli Kuchlar safiga navbatdagi chaqiruv paytida chaqiriladilar.

Tinchlik davrida muddatli harbiy xizmatga hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilishdan quyidagilar ozod etiladilar:
  • salomatligiga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan chaqiriluvchilar;
  • yaqin qarindoshlaridan biri (aka-ukasi, opa-singlisi) harbiy xizmatni o‘tash vaqtida halok bo‘lgan yoki vafot etgan chaqiriluvchilar;
  • ro‘yxatdan o‘tgan diniy tashkilotlardan birida diniy rutba egasi bo‘lgan chaqiriluvchilar.

Yuqorida ko‘rsatilgan shaxslar o‘z roziliklari bilan harbiy xizmatga chaqirilishlari mumkin.

Jinoiy javobgarlikka tortilgan, shuningdek sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar harbiy xizmatga chaqirilmaydilar.

Ma’lumot uchun: Muddatli harbiy xizmatga hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish

SChRda o‘g‘il bolalar necha yoshga qadar ro‘yxatga olinadi?

Harbiy xizmatga yaroqli, shu jumladan cheklovlar bilan yaroqli bo‘lgan hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga navbatdagi muddatga chaqirilmagan shaxslar safarbarlik chaqiruvi rezervi safiga olinadilar.

  • Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat hududiy printsip asosida oylik yig‘inlar tarzida tashkil etiladi hamda chaqiriluvchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining maxsus hisobvarag‘iga pul badallari kiritilishini nazarda tutadi.
  • Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga shaxslar 27 yoshga to‘lgunga qadar olinadilar va har yilgi harbiy yig‘inlarga jalb etilishlari mumkin, favqulodda vaziyatlar yoki O‘zbekiston Respublikasiga qarshi harbiy tajovuz ro‘y bergan taqdirda esa haqiqiy harbiy xizmatga chaqiriladilar.
  • Safarbarlik chaqiruvi rezervida oylik yig‘inni o‘tagan fuqarolar Qurolli Kuchlar rezerviga o‘tkaziladilar.

Ma’lumot uchun: Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat

Chat