Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 6184 marta o'qildi

Yangi Konstitutsiyada shaxsning huquq va erkinliklarini ta’minlashini borasida qanday yangilik kiritildi?

Birinchi marta Konstitutsiyada quyidagilar belgilandi:

1. Asosiy qonun “mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi”.

(Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi demokratiyaning eng oliy ifodasi bo‘lib, uning normalarini samarali amalga oshirish mexanizmlari va qoidalarini belgilovchi qonun hujjatlari qabul qilinishi yoki qabul qilinmasligidan qat’i nazar, qo‘llanilishini bildiradi.)

2. “O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida va uni ijro etish yuzasidan qabul qilinadi”;

3. “Fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga haqli” degan mazmundagi normalar bilan to‘ldirildi.

Parlament tekshiruv instituti deganda nimani tushunish lozim?

Mamlakatning xavfsizligi, barqaror rivojlanishi asoslariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan, inson huquqlari va erkinliklariga, jamiyat va davlat manfaatlarigatahdid soladigan faktlarni yoki voqealarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma qarori bilan parlament tekshiruvi o‘tkazilishi mumkin.

Parlament tekshiruvini o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari orasidan  tenglik asosida maxsus komissiya tuzilib, u o‘z faoliyatini qonunga muvofiq amalga oshiradi.


Xokimlarning vakolatlariga oid Konstitutsiyada qo‘shimcha kiritildimi?

Ilk marotaba Konstitutsiyada viloyat, tuman va shahar xokimlarining vakolatlari aniq belgilandi, shular qatorida:

  1. O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini va Oliy Majlis palatalarining qarorlarini, Prezident farmonlari, qarorlari hamda farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasining qarorlarini, yuqori turuvchi organlar qarorlarini, shuningdek xalq deputatlari tegishli Kengashi qarorlarini ijro etish; 
  2. hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish; 
  3. mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish va boshqalar.

Konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari nimadan iborat?

Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash kafolatlari, shu jumladan “xabeas korpus” va “Miranda qoidasi” umume’tirof etilgan institutlarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash orqali sezilarli kuchaytirildi.

Xususan, ilk marotaba Asosiy qonunda quyidagilar belgilandi:
  • aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak. Bu, o‘z navbatida, eng muhim bo‘lgan “aybsizlik prezumptsiyasi” printsipining amalda ro‘yobga chiqarilishining kafolati hisoblanadi;
  • gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin;
  • hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas. Bunda, Konstitutsiyada quyidagilar aniq belgilanmoqda: agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas;
  • hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas
  • har kim yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron xabarlari hamda boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga  muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi;
  • hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga  qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek, unda olib qo‘yishni va ko‘zdan kechirishni o‘tkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda  yo‘l qo‘yiladi. Uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi;
  • shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas, shaxsni  ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart;
  • ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega;
  • shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas.

Har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarni himoya qilish, shuningdek, noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega ekanligi belgilandi.

Har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan e’tiboran o‘z tanloviga ko‘ra advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega ekanligi kafolatlandi. Huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning himoyalanishi, odil sudlovdan foydalanishini ta’minlash va ularga etkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratishning davlat kafolatlari kuchaytirildi.

Har kimning o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilish huquqi belgilandi.

Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlanadi.

Har kimga O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki imkoniyatlardan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etish konstitutsiyaviy huquqi berildi.

Konstitutsiyaning yangi taxririga asosan qonunlar qabul qilinishini protsedurasi qanday tartibda amalga oshiriladi?

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan ma’qullanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangach va qonunda belgilangan tartibda rasmiy manbalarda e’lon qilingach, yuridik kuchga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun qabul qilingan kundan e’tiboran 10 kundan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuboriladi.

Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan 60 kun ichida ko‘rib chiqiladi va ma’qullangan taqdirda, imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga 10 kundan kechiktirmay yuboriladi.

Agar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida 60 kun ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi tomonidan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni 60 kun ichida imzolaydi va e’lon qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qaytariladi.

Agar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonunni qayta ko‘rib chiqishda Qonunchilik palatasi deputatlar umumiy sonining 2/3 qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qonunni yana ma’qullasa, qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga Qonunchilik palatasi tomonidan yuboriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senat yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin. Palatalar kelishuv komissiyasi takliflarini qabul qilganda qonun odatdagi tartibda ko‘rib chiqilishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni o‘z e’tirozlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli.

Agar qonun avvalgi qabul qilingan tahririda tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida 2/3 qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan ma’qullansa, qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 14 kun ichida imzolanishi va e’lon qilinishi kerak.
Qonunlarning va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning e’lon qilinishi ular qo‘llanilishining majburiy shartidir.

Chat