Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 12440 marta o'qildi

NNTning ta’sis hujjatlari nimalardan iborat?

Nodavlat notijorat tashkilotining asosiy ta’sis hujjati — uning ustavi.

Uyushma yoki ittifoq shaklidagi NNT uchun ta’sis hujjatlari ta’sis shartnomasi va ustavdan iborat bo‘ladi. Ta’sis hujjatlarida NNTning maqsad va vazifalari, tuzilmasi, boshqaruv organlari, mol-mulkni shakllantirish manbalari, qayta tashkil etish va tugatish tartibi kabi asosiy masalalar belgilanadi.

NNTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun nima taqdim etiladi?

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi adliya organiga ariza bilan birga, asosan:

  • ustav yoki tegishli hollarda nizom;
  • uyushma yoki ittifoq uchun ta’sis shartnomasi;
  • NNTni tashkil etish haqidagi ta’sis s’ezdi, konferentsiya yoki umumiy yig‘ilish bayonnomasi yoxud ta’sischining qarori;
  • qonunchilikda NNTning tegishli tashkiliy-huquqiy shakli uchun nazarda tutilgan boshqa hujjatlar taqdim etiladi. NNT turiga qarab qo‘shimcha hujjatlar talab qilinishi mumkin.

Davlat ijtimoiy buyurtmasi qanday beriladi?

Davlat ijtimoiy buyurtmasi sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihani amalga oshirish uchun davlat organi va fuqarolik jamiyati instituti o‘rtasida shartnoma asosida beriladigan davlat topshirig‘idir.

U Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi va uning alohida bo‘linmalari orqali yoki bevosita davlat organlari tomonidan berilishi mumkin. Jamoat fondi orqali buyurtma berilganda davlat organi, fuqarolik jamiyati instituti va Jamoat fondi o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi.

NNTni qaysi organ davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi?

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xalqaro NNTlar, bosh tashkiloti chet elda joylashgan xalqaro va chet el NNTlarining vakolatxona va filiallari hamda respublika NNTlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Hududiy NNTlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Davlat subsidiyasi nima va uni olish uchun qaerga murojaat qilinadi?

Davlat subsidiyasi — sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik faoliyatni amalga oshirayotgan fuqarolik jamiyati institutlariga beriladigan va aniq bir loyiha bilan bog‘liq bo‘lmagan moliyaviy yoki boshqa moddiy ko‘mak.

Davlat subsidiyasini olish uchun Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondiga buyurtma bilan murojaat qilinadi. Subsidiyalarni ajratish tartibi va shartlari Oliy Majlis palatalari tomonidan belgilanadi.

Chat