Ro‘yxatdan o‘tkazilmaydigan OAV
Quyidagilarni OAV sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab etilmaydi:
- faqat o‘z rasmiy xabarlari, materiallari va normativ-huquqiy hujjatlarini e’lon qilish uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ta’sis etadigan OAV;
- korxona, muassasa yoki tashkilotning, shu jumladan o‘quv va ilmiy muassasaning o‘z ehtiyojlari uchun 100 tagacha nusxada chop etiladigan davriy bosma nashrlar;
- kabelь tarmoqlari orqali uzatiladigan tele-, radio-, video va kinoxronikal dasturlar;
- tarqatilishi bitta korxona, muassasa yoki tashkilot binosi yoxud hududi bilan cheklangan audio va audiovizual materiallar.
Muhim: 100 tagacha nusxa bo‘yicha istisno faqat tashkilotning o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun chiqariladigan davriy bosma nashrga taalluqli. Nashrni ommaga muntazam tarqatish yoki sotish rejalashtirilsa, uning huquqiy maqomi alohida baholanishi kerak.
OAV mahsulotini tarqatish
OAV mahsulotini:
- bevosita tahririyat;
- yuridik va jismoniy shaxslar shartnoma asosida tarqatishi mumkin.
Bosma OAV mahsuloti obuna va chakana savdo tarmog‘i orqali tarqatiladi. Ro‘yxatdan o‘tkazilgan davriy nashrlarni chakana, shu jumladan qo‘lda sotish tahririyatning shtatdagi tarqatuvchilari, savdo tarmog‘iga ega yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladi.
Har bir alohida chiqarilishni tarqatishga bosh muharrir uni chiqarish uchun ruxsat berganidan keyingina yo‘l qo‘yiladi.
Ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish asoslari
OAVni ro‘yxatdan o‘tkazish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:
- OAVning maqsad va vazifalari qonunchilikka zid bo‘lsa;
- ariza OAV ta’sis etish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs nomidan berilsa;
- arizadagi ma’lumotlar haqiqatga mos kelmasa;
- aynan bir xil yoki adashtirib yuborish darajasida o‘xshash nomdagi OAV avval ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa.
Rad etish haqida qaror qabul qilinganidan keyin arizachiga bir kun ichida yozma yoki elektron bildirish yuboriladi. Bildirishda rad etish sabablari va kamchiliklarni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish muddati ko‘rsatiladi.
Muassis rad etish haqidagi qaror ustidan sudga shikoyat qilishga haqli.
OAV mahsulotini qonunga xilof tayyorlash va tarqatish
OAV mahsulotini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazmasdan yoki uni chiqarish yoxud nashr etish to‘xtatilganidan keyin qonunga xilof ravishda tayyorlash va tarqatish:
- bosma yoki boshqa mahsulotni musodara qilib, BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
Blogerning majburiyatlari
Bloger ochiq axborotni o‘z veb-sayti, ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi yoki boshqa axborot resursiga joylashtirishdan oldin uning to‘g‘riligini tekshirishi shart.
Ma’lumot noto‘g‘ri ekani aniqlansa, bloger uni darhol o‘chirishi kerak. Shuningdek, u o‘z resursi va tezkor xabar almashish tizimlarini taqiqlangan axborotni aniqlash maqsadida monitoring qilishi shart.
Bloger o‘z resursidan:
- konstitutsiyaviy tuzum yoki hududiy yaxlitlikni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat qilish;
- ommaviy tartibsizliklar va zo‘ravonlikka chaqirish;
- jamoat tartibiga tahdid soluvchi yolg‘on axborot tarqatish;
- terrorizm, ekstremizm, separatizm, zo‘ravonlik yoki shafqatsizlikni targ‘ib qilish;
- davlat sirlarini oshkor etish;
- milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish;
- shaxsning sha’ni, qadr-qimmati va shaxsiy hayotiga tajovuz qiluvchi axborot tarqatish;
- boshqalarning intellektual mulk ob’ektlaridan qonunga xilof foydalanish;
- sun’iy intellekt texnologiyalari orqali shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ishlov berish yoki ularni tarqatish maqsadida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.
Qonun talablari bajarilmasa, resursdan foydalanish cheklanishi va huquqbuzarlik xususiyatiga qarab fuqarolik, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik qo‘llanilishi mumkin.