Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 1177 marta o'qildi

Huquqiy himoya ob’ekti

EHM uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarini Qonun bilan mualliflik huquqi ob’ektlari sirasiga kiritilgan.

Vazifasi va afzalliklaridan qat’i nazar, ob’ektiv shaklda ifodalangan, bosib chiqarilgan hamda bosib chiqarilmagan, muallif (hammualliflar) ijodiy faoliyatining natijasi bo‘lgan, EHM uchun yaratilgan har qanday dasturlar va ma’lumotlar bazalariga nisbatan mualliflik huquqi tatbiq etiladi. EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasiga mualliflik huquqi toki aksi isbotlanmagunga qadar saqlanib qolaveradi.

Qonun bilan beriladigan huquqiy himoya:

  • har qanday dasturlash tilida va har qanday shaklda ifodalanishi mumkin bo‘lgan EHM uchun yaratilgan dasturlarning barcha xiliga (shu jumladan, operatsiya tizimlari va dasturiy majmualarga) nisbatan, boshlang‘ich matn va ob’ekt kodiga nisbatan ham, shuningdek ma’lumotlarni tanlash va tashkil etish bo‘yicha ijodiy mehnatning natijasi bo‘lgan ma’lumotlar bazalariga nisbatan tatbiq etiladi;
  • EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki ma’lumotlar bazalari yohud ularning biron-bir qismiga asos bo‘lgan g‘oyalar va printsiplarga, shu jumladan interfeys hamda algoritm tashkil qilish g‘oyalari va printsiplariga, shuningdek dasturlash tillariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

EHM uchun dasturlar yoki ma’lumotlar bazalariga nisbatan mualliflik huquqi ular yaratilgach yuzaga keladi. EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasiga bo‘lgan mualliflik huquqi e’tirof etilishi va ro‘yobga chiqarilishi uchun ro‘yxatdan o‘tkazish yoki o‘zga rasmiyatchiliklarga rioya etish talab qilinmaydi.

EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki ma’lumotlar bazalariga nisbatan barcha shaxsiy va mulkiy yoki shartnomaga ko‘ra faqat mulkiy huquqlarga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining, boshqa davlatlarning jismoniy yoki yuridik shaxslari dasturlar yoki ma’lumotlar bazalarini ro‘yxatdan o‘tkazish huquqiga egadirlar. Huquq egasi EHM uchun yaratilgan dasturni yoki ma’lumotlar bazasini bevosita yoxud o‘z vakili orqali Dasturiy mahsulotlar davlat reestrida yoki Ma’lumotlar bazalari davlat reestrida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga talabnoma berish orqali ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.

EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasi nusxasiga bo‘lgan egalik huquqi yoki o‘zga mulkiy huquqlar ushbu nusxaga egalik huquqi birinchi marotaba sotilganidan keyin yoki boshqacha tarzda o‘zgaga o‘tkazilganidan keyin, huquq egasining roziligini olmay va unga qo‘shimcha haq to‘lamagan holda olib sotilishiga yoki boshqacha usulda o‘zgalarga o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yiladi.

Chat