Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 21115 marta o'qildi

Elektron murojaat doirasi

Jismoniy va yuridik shaxslar yo‘l harakati qoidalari buzilishi bo‘yicha:

  • maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari asosida chiqarilgan qaror;
  • DYHXX xodimi rasmiylashtirgan bayonnoma asosida chiqarilgan jarima qarori;
  • yo‘l harakati qoidabuzarligi yuzasidan yuborilgan xabarnoma bo‘yicha elektron murojaat qilishi mumkin.

Elektron murojaat Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Murojaatni yuborish tartibi

Murojaat etuvchi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida OneID orqali ro‘yxatdan yoki avtorizatsiyadan o‘tadi va elektron so‘rovnomani to‘ldiradi.

So‘rovnomada murojaat etuvchi, transport vositasi, qaror yoki xabarnoma hamda murojaatning sabablari ko‘rsatiladi. Qaror noto‘g‘ri ekanini tasdiqlovchi foto, video, hujjatlar va boshqa dalillarni ilova qilish mumkin.

Masalan, qoidabuzarlik sodir etilgan vaqtda transport vositasini boshqa shaxs boshqargan bo‘lsa, bu holatni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi mumkin.

So‘rovnoma yuborilishidan oldin ma’lumotlarning to‘g‘riligi tekshirilishi zarur. Agar murojaat etuvchi haqidagi ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmasa, vakolatli organ 1 ish kunida kamchiliklarni bartaraf etish haqida xabarnoma yuboradi. Kamchiliklarni tuzatish uchun 3 ish kuni beriladi.

Murojaatni ko‘rib chiqish muddati

Vakolatli organ murojaatni va ilova qilingan dalillarni o‘rganib, javob xatini YaIDXP orqali 10 kun ichida yuboradi.

Murojaat qilish uchun alohida to‘lov undirilmaydi. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qiluvchi shaxs davlat bojidan ozod etiladi.

Elektron murojaat ko‘rib chiqilayotgan vaqtda jarimani chegirma bilan to‘lash uchun belgilangan muddat to‘xtatib turilmaydi.

Shikoyat berish muddati

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qaror nusxasi olingan kundan boshlab 10 kun ichida berilishi mumkin.

Muddat uzrli sabab bilan o‘tkazib yuborilgan bo‘lsa, uni tiklash haqida iltimosnoma berish va uzrli sababni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish mumkin.

Elektron murojaat natijasidan norozi shaxs qaror qabul qilgan xodimning xatti-harakatlari yoki qabul qilingan qaror ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki vakolatli sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

Chat