Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 13469 marta o'qildi

Qaerga murojaat qilish mumkin?

Nogironlikni belgilash masalasi bo‘yicha fuqaro yoki uning qonuniy vakili o‘ziga qulay usulda:

  • oilaviy shifokor yoki tibbiyot muassasasiga;
  • «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga;
  • ijtimoiy xodimga;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishi mumkin.

Murojaat asosida fuqaroning sog‘lig‘i holati o‘rganiladi. Zarur tibbiy tekshiruvlar va davolash choralari o‘tkazilgandan so‘ng oilaviy shifokor tegishli tibbiy hujjatlarni elektron shaklda Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga (TIEK) yuboradi.

TIEKka yo‘llash uchun qancha davolanish kerak?

Nogironlikni belgilash uchun fuqaro barcha kasalliklarda bir xil muddat — masalan, 4 yoki 6 oy davolanishi shart degan umumiy talab bekor qilingan.

Davolanish davomiyligi va o‘tkazilishi zarur bo‘lgan minimal tibbiy tekshiruvlar kasallikning turi va fuqaroning holatidan kelib chiqib individual belgilanadi.

Agar TIEKka yuborish uchun etarli tibbiy asos bo‘lmasa, bu haqda fuqaroga rad etish sabablari ko‘rsatilgan xabar yuboriladi.

TIEK ko‘rigi qanday o‘tkaziladi?

TIEK nogironlikni belgilashda fuqaroning nafaqat tibbiy hujjatlarini, balki uning funktsional imkoniyatlari va kundalik hayot faoliyatidagi cheklovlarini ham hisobga oladi.

Yo‘llanma TIEKka kelib tushgandan so‘ng u, qoida tariqasida, 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Fuqaro sog‘lig‘i sababli TIEKka bora olmasa, ko‘rik uning uyida yoki davolanayotgan statsionar tibbiyot muassasasida o‘tkazilishi mumkin.

Ixtisoslashtirilgan TIEKlar tugatilgan bo‘lib, nogironlik masalalari tumanlararo hamda tuman (shahar) TIEKlari tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Natija qanday rasmiylashtiriladi?

Belgilangan mezonlar mavjud bo‘lsa, nogironlik guruhi, uning sababi va muddati, o‘zgalar parvarishiga ehtiyoj, reabilitatsiya choralari hamda protez-ortopediya vositalariga ehtiyoj to‘g‘risidagi ma’lumotlar elektron axborot tizimida shakllantiriladi.

Fuqaro murojaatni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bergan bo‘lsa, jarayon natijalari uning shaxsiy kabineti orqali ham taqdim etiladi.

Chat