Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 11027 marta o'qildi

Reimbursatsiya dasturi nima?

Reimbursatsiya dasturi — ayrim kasalliklarni ambulatoriya sharoitida davolash uchun zarur bo‘lgan dori vositalarini aholiga bepul berish, ularning qiymatini esa Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan dorixonaga qoplab berish tizimidir.

Dastur doirasida faqat belgilangan ro‘yxatga kiritilgan dori vositalari beriladi.

Elektron retseptni kim yozadi?

Reimbursatsiya dasturi bo‘yicha retseptni Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasining shifokori rasmiylashtiradi.

Retsept axborot tizimida elektron shaklda yaratiladi.

Bir tashxis bo‘yicha bemorga bir vaqtning o‘zida 3 tagacha dori vositasi tayinlanishi mumkin. Surunkali kasalliklarda bir elektron retseptdagi davolash kursi 1 oydan oshmasligi kerak.

Elektron retsept rasmiylashtirilgan kundan boshlab 7 kalendarь kun amal qiladi. Reimbursatsiya dasturiga kirgan dori vositasi Jamg‘arma bilan shartnoma tuzgan dorixonada retsept asosida bepul beriladi.

Dorixonadan dori qanday olinadi?

Elektron retsept tasdiqlanganidan keyin bemorga, uning qonuniy vakiliga yoki zarur holda patronaj hamshirasiga retseptning raqami va sanasi haqida SMS-xabar yuboriladi.

Dorixonada retsept raqami aytiladi. Dorini berish jarayonida tizim orqali maxsus tasdiqlash kodi yuboriladi. Kod dorixona axborot tizimiga kiritilgandan keyin tegishli dori vositasi beriladi va retsept bajarilgan deb yopiladi.

Bemordan reimbursatsiya doirasida qoplanadigan dori uchun alohida to‘lov talab qilinmaydi — belgilangan qiymat dorixonaga Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplanadi.

Qaysi dorilar beriladi?

Dastur doirasida beriladigan dori vositalarining ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Shu sababli shifokor bemorga uning tashxisi va tibbiy ko‘rsatmalaridan kelib chiqib, reimbursatsiya ro‘yxatida mavjud preparatni tayinlaydi.

Chat