Qonun bilan O‘zbekiston xalqining sha’nini, qadr-qimmatini, tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlarni yoki harakatlarni sodir etgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning "O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ro‘yxati"ga kiritilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Chet el fuqarosini yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni Ro‘yxatga kiritish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining, Senati Kengashining, maxsus vakolatli davlat organlarining taqdimiga asosan amalga oshiriladi.
Ro‘yxatga kiritilgan chet el fuqarosining yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ro‘yxatga kiritilgan shaxs xabarnoma olgan kundan e’tiboran 3 kun ichida ixtiyoriy ravishda O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketishi kerak.
Agar Ro‘yxatga kiritilgan, nomaqbul deb topilgan shaxs ko‘rsatilgan muddat ichida ixtiyoriy ravishda O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketmasa, mazkur shaxs deportatsiya qilinadi.