Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 3230 marta o'qildi

Gender tenglik nima?

Xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi — jinsidan qat’i nazar shaxslarga bir xil huquqiy maqom va huquqlarni amalga oshirish uchun teng imkoniyatlar berilishi.

Konstitutsiyaga ko‘ra, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar.

Davlat ularga jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va boshqa sohalarda teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlaydi. Gender tengligi faqat davlat organlariga emas, mulk shaklidan qat’i nazar tashkilotlarga ham taalluqlidir.

Jins bo‘yicha kamsitish nima?

Jins bo‘yicha bevosita kamsitish — shaxsga uning jinsi sababli boshqa shaxsga nisbatan yomonroq munosabatda bo‘lish.

Jins bo‘yicha bilvosita kamsitish — tashqi ko‘rinishdan barchaga bir xil bo‘lgan qoida yoki talabning amalda muayyan jinsdagi shaxslarni noqulay holatga qo‘yishi.

Quyidagilar kamsitish sifatida baholanishi mumkin:

  • ishga qabul qilishda jinsga asoslanib asossiz rad etish;
  • bir xil mehnat uchun turlicha haq to‘lash;
  • ta’lim yoki xizmatdan foydalanish imkoniyatini cheklash;
  • rahbarlik lavozimiga nomzodni faqat jinsi sababli rad etish;
  • oilaviy holat, homiladorlik yoki farzand borligi sababli huquqni cheklash.

Qonunchilikda belgilangan onalikni muhofaza qilish va boshqa maxsus choralar kamsitish hisoblanmaydi.

Davlat boshqaruvida tenglik qanday ta’minlanadi?

Xotin-qizlar va erkaklarga:

  • saylovlarda ovoz berish;
  • saylanish;
  • davlat xizmatiga kirish;
  • rahbarlik lavozimlariga nomzod bo‘lish;
  • davlat organlari huzuridagi jamoatchilik va maslahat organlarida ishtirok etish;
  • davlat organlariga taklif va murojaatlar kiritish uchun teng huquq va imkoniyatlar yaratilishi kerak.

Saylov komissiyalarini shakllantirishda ham xotin-qizlar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar ta’minlanadi.

Mehnat munosabatlarida qanday kafolatlar bor?

Ish beruvchi xotin-qizlar va erkaklar uchun:

  • ishga qabul qilish;
  • mehnatga haq to‘lash;
  • lavozimda o‘sish;
  • kasbiy tayyorgarlik va malaka oshirish;
  • mehnat sharoitlari;
  • rag‘batlantirish;
  • mehnat shartnomasini bekor qilishda

teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashi shart.

Vakansiya e’lonida qonunchilikda bevosita nazarda tutilmagan holda faqat ayol yoki faqat erkak nomzod talab qilinishi mumkin emas.

Bir xil qiymatdagi mehnat uchun xotin-qizlar va erkaklarga teng haq to‘lanishi kerak.

Ta’lim va ilm-fanda tenglik qanday ta’minlanadi?

Xotin-qizlar va erkaklar:

  • ta’lim tashkiloti va kasbni tanlash;
  • qabul tanlovida ishtirok etish;
  • stipendiya va grantlarga da’vogar bo‘lish;
  • ilmiy tadqiqot olib borish;
  • qayta tayyorlash va malaka oshirishdan o‘tish bo‘yicha teng huquqqa ega.

Ta’lim tashkilotida jinsga asoslangan tazyiq, kamsitish yoki stereotiplarni targ‘ib qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Iqtisodiyot va tadbirkorlikda qanday huquqlar bor?

Xotin-qizlar va erkaklarga:

  • mulkka egalik qilish;
  • er, moliyaviy mablag‘ va kreditlardan foydalanish;
  • tadbirkorlik yo‘nalishini tanlash;
  • korxona tashkil etish;
  • shartnoma tuzish;
  • davlat dasturlari va subsidiyalarda ishtirok etish uchun teng huquq va imkoniyatlar ta’minlanishi kerak.

Kredit, subsidiya yoki boshqa iqtisodiy resursni berishda shaxsning jinsi mustaqil ravishda rad etish uchun asos bo‘la olmaydi.

Vaqtinchalik maxsus choralar nima?

Vaqtinchalik maxsus choralar — xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi amaldagi tengsizlikni bartaraf etish uchun muayyan muddatga joriy qilinadigan huquqiy, tashkiliy yoki boshqa choralar.

Bunday choralarga:

  • muayyan sohada kam ishtirok etayotgan jins vakillarini qo‘llab-quvvatlash;
  • maxsus o‘quv dasturlari;
  • maqsadli grant va loyihalar;
  • teng ishtirokni ta’minlovchi boshqa choralar kirishi mumkin.

Tenglikka erishilgandan keyin bunday choralar qayta ko‘rib chiqiladi yoki bekor qilinadi.

Huquq buzilsa qaerga murojaat qilinadi?

Jins bo‘yicha kamsitishga duch kelgan shaxs:

  • tashkilot rahbariga;
  • yuqori turuvchi davlat organiga;
  • Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi yoki uning hududiy bo‘linmasiga;
  • mehnat organiga;
  • prokuraturaga;
  • Ombudsmanga;
  • sudga murojaat qilishi mumkin.

Murojaatga ishga qabul qilish haqidagi yozishmalar, buyruqlar, e’lonlar, xabarlar, audio-video materiallar va boshqa dalillar ilova qilinishi mumkin.

Chat