Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 3503 marta o'qildi

1. Ushlash sabablari va huquqlar tushuntirilishi shart

Shaxs ushlanganida unga tushunarli tilda:

  • nima sababdan ushlangani;
  • qanday huquqlarga egaligi;
  • nimada gumon qilinayotgani tushuntirilishi shart.

Shaxs advokat chaqirish, yaqinlariga xabar berish va sukut saqlash huquqiga ega.

2. Shaxs o‘z aybsizligini isbotlashi shart emas

Ayblovni isbotlash vazifasi gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchiga emas, jinoiy ta’qibni amalga oshirayotgan organlarga yuklanadi.

Shaxsni o‘z aybsizligini isbotlashga, dalil keltirishga yoki ko‘rsatma berishga majburlash mumkin emas.

3. Barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan shubhalar shaxs foydasiga hal qilinadi

Dalillar aybni ishonchli tasdiqlamasa va shubhalarni boshqa qonuniy vositalar bilan bartaraf etish imkoni qolmasa, ular shaxs foydasiga hal qilinishi kerak.

Bu qoida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va mahkumga nisbatan tatbiq etiladi.

4. Faqat aybni tan olish etarli dalil emas

Shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, uni aybdor deb topish yoki jazoga tortish mumkin emas.

Ayb boshqa qonuniy, maqbul va ishonchli dalillar majmui bilan tasdiqlanishi kerak.

5. O‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berish majburiy emas

Hech kim:

  • o‘ziga;
  • eriga yoki xotiniga;
  • yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas.

Ushbu huquqdan foydalanish aybni tan olish yoki tergovdan bo‘yin tovlash sifatida baholanmasligi kerak.

6. Sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turish mumkin emas

Shaxs sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emas.

Ushbu muddat tugagunga qadar shaxs ozod qilinishi yoki qamoqqa olish haqidagi masala sud tomonidan hal qilinishi lozim.

7. Qamoqqa olishga faqat sud qarori bilan yo‘l qo‘yiladi

Hibsga olish, qamoqqa olish va qamoqda saqlashga faqat sud qarori asosida yo‘l qo‘yiladi.

Sud:

  • gumonning asosliligini;
  • ehtiyot chorasining zarurligini;
  • engilroq chorani qo‘llash mumkinligini baholashi kerak.

8. Xabarlar va uy-joy daxlsizligi sud tomonidan himoya qilinadi

Yozishmalar, telefon so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlar sirini cheklashga faqat qonunga muvofiq va sud qarori asosida yo‘l qo‘yiladi.

Uy-joyda tintuv ham sud qarori asosida, qonunda belgilangan tartibda o‘tkaziladi.

9. Malakali yuridik yordam kafolatlanadi

Har kim advokat tanlash va uning yordamidan foydalanish huquqiga ega.

Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatiladi.

Huquqlar buzilsa, shaxs advokat orqali prokurorga, sudga yoki yuqori turuvchi organga shikoyat qilishi mumkin.

Chat