Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 2742 marta o'qildi

Ko‘chmas mulkni haqini keyinroq to‘lash sharti bilan sotib olish mumkinmi?

Ha. Sotuvchi va sotib oluvchi ko‘chmas mulkning haqini:

  • shartnoma tuzilgan vaqtda to‘liq to‘lash;
  • belgilangan muddatga kechiktirib to‘lash;
  • qismlarga bo‘lib to‘lash

tartibini o‘zaro kelishib olishi mumkin.

Shartnomada ko‘chmas mulkning umumiy narxi, to‘lov muddati, to‘lovlar jadvali va hisob-kitob usuli aniq ko‘rsatilishi lozim.

To‘lov kechiktirilsa, notarius ko‘chmas mulkka taqiq qo‘yadimi?

Agar sotish shartnomasida ko‘chmas mulk haqi keyinroq yoki qismlarga bo‘lib to‘lanishi belgilansa, notarius shartnoma shartlaridan kelib chiqib, ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishga taqiq qo‘yadi.

Taqiq haqidagi ma’lumot notariat va ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish axborot tizimlariga elektron tarzda kiritiladi.

Muhim: taqiq qo‘yilishi sotib oluvchining mulk huquqini bekor qilmaydi. Biroq taqiq bekor qilinguniga qadar mulkni sotish, hadya qilish, ayirboshlash yoki garovga qo‘yish cheklanadi.

Taqiq qachon bekor qilinadi?

Taqiq sotib oluvchi shartnomada nazarda tutilgan to‘lov majburiyatini to‘liq bajarganidan keyin bekor qilinadi.

To‘lov amalga oshirilganini quyidagi hujjatlar bilan tasdiqlash mumkin:

  • bank to‘lov hujjati;
  • sotuvchining pulni to‘liq olgani haqidagi arizasi;
  • tilxat yoki o‘zaro hisob-kitob dalolatnomasi;
  • shartnomada belgilangan boshqa tasdiqlovchi hujjat.

Taqiqni bekor qilish uchun, odatda, taqiq qo‘ygan notariusga yoki tegishli notarial idoraga murojaat qilinadi.

Pul shartnomadagi muddatdan kech to‘lansa nima bo‘ladi?

Pul kechiktirib to‘langan bo‘lsa ham, sotuvchi to‘lovni to‘liq olganini yozma ravishda tasdiqlasa, taqiqni bekor qilish mumkin.

Agar sotuvchi pul olinganini tasdiqlashdan bosh tortsa yoki taraflar o‘rtasida qarz miqdori bo‘yicha nizo yuzaga kelsa, taqiqni bekor qilish masalasi sud tartibida hal qilinadi.

Mazkur munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, «Notariat to‘g‘risida»gi Qonun va Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma bilan tartibga solinadi.

Chat