Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 4853 marta o'qildi

1. Qurilmada ota-ona nazoratini yoqing

Ota-ona nazorati — bola qurilmadan qachon va qanday foydalanishini boshqarish, xavfli sayt va ilovalarni cheklash imkonini beruvchi sozlamalar.

Telefon, planshet, kompьyuter va televizorda bolaning yoshiga mos alohida profilь yaratish kerak.

Ota-ona nazorati orqali:

  • kunlik ekran vaqtini belgilash;
  • tungi vaqtda qurilmadan foydalanishni cheklash;
  • ilovalarni o‘rnatishni ruxsat bilan amalga oshirish;
  • yoshga mos bo‘lmagan sayt va videolarni bloklash;
  • xaridlarni parol yoki biometrik tasdiqlash bilan himoyalash mumkin.

Nazorat bolani yashirin kuzatish uchun emas, balki uning yoshiga mos xavfsiz raqamli muhit yaratish uchun qo‘llanilishi kerak.

2. Bolaning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qiling

Shaxsiy ma’lumotlar — bolani aniqlash imkonini beradigan ism, surat, telefon raqami, manzil, maktab, geolokatsiya va boshqa ma’lumotlar.

Bolaga quyidagilarni begona shaxslarga yuborish mumkin emasligini tushuntirish kerak:

  • uy manzili va telefon raqami;
  • maktab yoki bog‘cha nomi;
  • pasport yoki boshqa hujjat surati;
  • bank kartasi ma’lumotlari va SMS-kodlar;
  • joriy geolokatsiya;
  • shaxsiy surat va videolar;
  • akkaunt paroli.

Ijtimoiy tarmoqdagi akkauntni yopiq holatga o‘tkazish, geolokatsiyani o‘chirish va bolaning suratlarini uning xavfsizligiga zarar etkazadigan ma’lumotlar bilan birga joylashtirmaslik lozim.

3. Internetdagi har bir inson o‘zi aytgan shaxs bo‘lmasligi mumkin

Bolaga internetda tanishgan shaxs bilan ota-onaga aytmasdan:

  • shaxsiy yozishmalar olib borish;
  • surat yoki video yuborish;
  • videoaloqa qilish;
  • pul o‘tkazish;
  • uchrashuv belgilash mumkin emasligini tushuntirish kerak.

Begona shaxs bolaga sovg‘a, o‘yin valyutasi yoki mashhur bloger bilan tanishtirishni va’da qilishi mumkin. Bunday takliflar shaxsiy ma’lumot yoki pulni qo‘lga kiritish uchun ishlatilishi ehtimol.

Internetda tanishgan shaxs bilan uchrashuv faqat ota-ona xabardor bo‘lgan va xavfsiz jamoat joyida tashkil etilgan holdagina mumkin.

4. Kiberbullingni oddiy hazil deb qabul qilmang

Kiberbulling — internet orqali bolani muntazam haqoratlash, masxara qilish, qo‘rqitish, obro‘sizlantirish yoki unga bosim o‘tkazish.

Bolada quyidagi o‘zgarishlar kuzatilsa, vaziyatni o‘rganish kerak:

  • telefondan foydalangandan keyin kayfiyati buzilishi;
  • akkauntlarini to‘satdan o‘chirishi;
  • maktabga borishni istamasligi;
  • uyqusi yoki ishtahasi o‘zgarishi;
  • internetda kim bilan yozishganini yashirishi;
  • qo‘rquv yoki bezovtalik paydo bo‘lishi.

Kiberbulling holatida:

  • haqoratli xabarlarni o‘chirmasdan skrinshot qilib saqlash;
  • qoidabuzar akkauntni bloklash;
  • ijtimoiy tarmoq ma’muriyatiga shikoyat yuborish;
  • maktab ma’muriyati yoki psixologga xabar berish;
  • tahdid, tovlamachilik yoki zo‘ravonlik alomatlari bo‘lsa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish lozim.

5. Firibgarlik va zararli havolalarni tanishni o‘rgating

Bolaga quyidagi xabarlarga ishonmaslikni tushuntirish kerak:

  • «sovrin yutdingiz»;
  • «akkauntingiz yopiladi»;
  • «bepul o‘yin puli oling»;
  • «ushbu havolani tezda oching»;
  • «SMS-kodni ayting»;
  • «ota-onangizga aytmang».

Shubhali havolaga kirmaslik, noma’lum faylni yuklamaslik va kod yoki parolni hech kimga bermaslik kerak.

Akkauntlar uchun turli va murakkab parollar ishlatish hamda imkoni bo‘lsa ikki bosqichli tasdiqlashni yoqish tavsiya etiladi.

Bola xavfli vaziyatga tushsa nima qilish kerak?

Bolani ayblash yoki qurilmasini darhol tortib olish uni muammoni yashirishga undashi mumkin.

Avvalo:

  • bolani xotirjam tinglash;
  • unga yordam berishingizni bildirish;
  • yozishmalar, akkaunt nomi va havolalarni saqlash;
  • parollarni almashtirish;
  • zararli akkauntni bloklash;
  • tegishli platformaga shikoyat qilish kerak.

Agar bolaga nisbatan tahdid, tovlamachilik, jinsiy mazmundagi taklif, shaxsiy suratlarni tarqatish yoki uchrashuvga majburlash holati bo‘lsa, dalillarni saqlab, darhol ichki ishlar organlariga murojaat qilish lozim.

Ota-ona uchun asosiy qoida

Bola internetdagi muammosini jazodan qo‘rqmasdan ayta olishi kerak.

Oilada:

  • qaysi sayt va ilovalardan foydalanish mumkinligi;
  • ekran vaqti;
  • onlayn xaridlar;
  • begona shaxslar bilan muloqot;
  • shaxsiy surat va ma’lumotlarni joylashtirish bo‘yicha oldindan tushunarli qoidalar belgilanishi maqsadga muvofiq.
Chat