Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 5560 marta o'qildi

Axborot olish erkinligi to‘g‘risidagi qonun loyihasi e’lon qilindi

Axborot olish huquqi

Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi, shuningdek istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish uchun shart-sharoit yaratadi.

Davlat organlari, tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ularning mansabdor shaxslari fuqaroga uning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishish imkoniyatini ta’minlashi shart.

Axborot:

  • ochiq va oshkora;
  • hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan;
  • foydalanish qonunchilikka muvofiq cheklangan axborotga bo‘linadi.

Axborot olish huquqining cheklanishi

Axborotni izlash, olish va tarqatish huquqi faqat qonunga muvofiq hamda zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkin.

Bunday cheklov:

  • konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish;
  • aholi sog‘lig‘i va ijtimoiy axloqni muhofaza qilish;
  • boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish;
  • jamoat xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlash;
  • davlat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida qo‘llaniladi.

Muhim: shaxsning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi yoki mavqeyiga qarab uning axborot olish huquqini cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Maxfiy deb hisoblanmaydigan ma’lumotlar

Quyidagi axborotlar maxfiylashtirilishi mumkin emas:

  • fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda ularni amalga oshirish tartibi haqidagi qonunchilik hujjatlari;
  • davlat organlari, jamoat birlashmalari va NNTlarning huquqiy maqomini belgilovchi hujjatlar;
  • ekologik, meteorologik, demografik va sanitariya-epidemiologik ma’lumotlar;
  • favqulodda vaziyatlar va aholi xavfsizligi uchun zarur ma’lumotlar.

Axborot berishni rad etish

So‘ralayotgan axborot maxfiy bo‘lsa yoki uni oshkor qilish shaxs, jamiyat yoxud davlatning huquq va qonuniy manfaatlariga zarar etkazishi mumkin bo‘lsa, axborotni berish rad etilishi mumkin.

Rad etish to‘g‘risidagi xabar so‘rov olinganidan keyin besh kunlik muddatda yuborilishi va unda rad etish sababi ko‘rsatilishi shart.

Qonunga xilof rad javobi, javob bermaslik yoki noto‘g‘ri axborot taqdim etish ustidan yuqori turuvchi organga yoxud sudga shikoyat qilish mumkin.

Ushbu huquqlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasi va «Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonun bilan kafolatlangan.

Chat