Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 5005 marta o'qildi

Murojaatni qaerga berish mumkin?

Davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega jismoniy shaxs maxsus vakolatli davlat organiga eksterritoriallik printsipi asosida murojaat qilishi mumkin.

Murojaat:

  • og‘zaki;
  • yozma;
  • elektron shaklda berilishi mumkin. Davlat hisobidan yuridik yordam sohasida maxsus vakolatli davlat organi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi.

Eksterritoriallik printsipi — murojaatni faqat doimiy yashash joyidagi hududiy organga berish bilan cheklanmaslik imkoniyatini anglatadi.

Qanday ma’lumot va hujjatlar kerak?

Umumiy tartibda:

  • davlat hisobidan yuridik yordam olish to‘g‘risidagi ariza;
  • shaxsning pasport yoki ID-karta ma’lumotlari taqdim etiladi.

Agar ariza vakil orqali berilsa, uning vakolatini tasdiqlovchi ishonchnoma yoki boshqa hujjat, qonunchilikda belgilangan hollarda esa qarindoshlikni tasdiqlovchi hujjat talab etiladi.

Ayrim maxsus toifalarda qo‘shimcha tasdiqlovchi ma’lumotlar talab qilinadi. Masalan, psixiatriya yordami ko‘rsatilayotgan shaxs yoki gender tengligi buzilganligi bo‘yicha sudga murojaat qilgan shaxs uchun tegishli ma’lumotlar taqdim etiladi.

Har doim fuqaroning o‘zi ariza berishi kerakmi?

Yo‘q. Ish allaqachon vakolatli organ yoki sud yurituvida bo‘lsa, qonunda belgilangan hollarda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqidagi so‘rovni tegishli organning o‘zi «Yuridik yordam» axborot tizimi orqali yuborishi mumkin.

Jumladan:

  • Konstitutsiyaviy sud;
  • fuqarolik ishlari bo‘yicha sud;
  • ma’muriy sud;
  • ma’muriy huquqbuzarlik ishini ko‘rib chiquvchi vakolatli organ;
  • surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki jinoyat ishlari bo‘yicha sud;
  • qonunda belgilangan boshqa vakolatli muassasalar tegishli hollarda so‘rov yuborishi mumkin.

2026-yil 20 apreldan Konstitutsiyaviy sudga shikoyat bilan murojaat qilgan, davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega fuqaroning iltimosiga ko‘ra Konstitutsiyaviy sud tomonidan ham bunday so‘rov yuborilishi belgilangan.

Ariza qancha vaqtda ko‘rib chiqiladi?

Ariza yoki vakolatli organning so‘rovi maxsus vakolatli davlat organiga kelib tushganidan boshlab 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Jinoyat ishi bo‘yicha advokat ishtiroki majburiy bo‘lgan hollarda Jinoyat-protsessual kodeksda nazarda tutilgan maxsus tartib va muddatlar amal qiladi.

Ariza ma’qullansa keyin nima bo‘ladi?

Ariza yoki so‘rovdagi ma’lumotlar qonun talablariga muvofiq bo‘lsa, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqida qaror qabul qilinadi va u «Yuridik yordam» axborot tizimida ro‘yxatga olinadi.

Shundan keyin tizim davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar orasidan advokatni avtomatik ravishda tanlaydi. Tanlashda advokatning ixtisosligi, hudud va ish yuritish tili hisobga olinadi.

Rad etilsa nima qilish mumkin?

Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish rad etilsa, qaror ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.

Eslatma: murojaat qilish tartibi ishning turiga qarab farq qilishi mumkin. Masalan, jinoyat ishida advokat ishtiroki majburiy bo‘lsa, advokat tayinlash uchun shaxsning oddiy tartibda mustaqil ariza berishi shart bo‘lmagan holatlar mavjud.

Chat