Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 9156 marta o'qildi

Himoya orderini qanday olish mumkin? muhim 8 qoida

Himoya orderi kimga beriladi

Himoya orderi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizga beriladi. Tazyiq o‘tkazgan, zo‘ravonlik sodir etgan yoki shunday harakatlarni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsga orderning nusxasi topshiriladi.

Tartib «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun bilan belgilangan.

Berish muddati

Tazyiq yoki zo‘ravonlik fakti yoxud uni sodir etish xavfi aniqlanganidan keyin ichki ishlar organining mas’ul mansabdor shaxsi 24 soat ichida himoya orderini rasmiylashtiradi.

Order:

  • o‘ttiz kungacha muddatga beriladi;
  • rasmiylashtirilgan paytdan boshlab kuchga kiradi;
  • uning bajarilishi ichki ishlar organi tomonidan nazorat qilinadi.

Himoya orderidagi cheklovlar

Orderda zo‘ravonlik sodir etgan yoki tazyiq o‘tkazgan shaxsga nisbatan:

  • tazyiq va zo‘ravonlik sodir etishni taqiqlash;
  • jabrlanuvchi bilan aloqa qilishni taqiqlash;
  • jabrlanuvchi bilan bir xonada bo‘lishni taqiqlash;
  • davolanish, maslahat, vaqtincha joylashtirish, moddiy zarar va ma’naviy ziyon xarajatlarini qoplash majburiyatini yuklash;
  • qurolni saqlash va olib yurish huquqini cheklash yoki taqiqlash;
  • qurol sotib olish uchun ruxsatnoma olishni taqiqlash kabi choralar belgilanishi mumkin.

Muhim: himoya orderi talablarini bajarmaslik ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Orderni uzaytirish

Agar xavf bartaraf etilmagan bo‘lsa, jabrlanuvchining arizasiga ko‘ra jinoyat ishlari bo‘yicha sud orderning amal qilish muddatini ko‘pi bilan bir yilgacha uzaytirishi mumkin.

Iltimosnoma materiallar kelib tushganidan keyin 24 soat ichida yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.

Sud qo‘shimcha ravishda zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning:

  • muayyan joylarga borishini;
  • jabrlanuvchi yashaydigan uy-joydan foydalanishini;
  • jabrlanuvchining ish joyi yoki u turgan boshqa joylarga yaqinlashishini vaqtincha cheklashi mumkin.

Order uzaytirilganda zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturidan o‘tish sharti majburiy kiritiladi.

Voyaga etmagan jabrlanuvchilar

Voyaga etmagan jabrlanuvchi himoya orderini olish uchun shaxsan murojaat qilishga haqli. Uning nomidan qonuniy vakil yoki vasiylik va homiylik organi ham murojaat qilishi mumkin.

Voyaga etmagan yoki muomalaga layoqatsiz jabrlanuvchi bo‘yicha order uning qonuniy vakiliga yoki vasiylik va homiylik organiga beriladi.

Chat