Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 23070 marta o'qildi

Qachon guvohnoma olish kerak?

Yovvoyi hayvonlarni saqlash va urchitish bo‘yicha pitomnik tashkil etilganda yoki zoologiya kollektsiyasi shakllantirilganda uni belgilangan tartibda hisobga qo‘yish va tegishli guvohnoma olish talab etiladi.

Guvohnoma olish uchun jismoniy va yuridik shaxslar murojaat qilishi mumkin.

Arizada qanday ma’lumotlar ko‘rsatiladi?

Arizada faoliyat xususiyatiga qarab:

  • pitomnik yoki kollektsiyani tashkil etish maqsadi;
  • saqlanayotgan hayvonlarning turi va soni;
  • hayvonlarning kelib chiqishi va qonuniy olinganligi;
  • pitomnikda ko‘paytirilgan hayvonlarning avlodi;
  • saqlash sharoitlari;
  • hayvonlarning identifikatsiya belgilari;
  • zoologiya kollektsiyasi bo‘lsa, uning tarkibi va saqlash usuli haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.

Qanday talablarga rioya qilish kerak?

Pitomnik yoki kollektsiya egasi ekologik, sanitariya-gigiena va boshqa belgilangan talablarga rioya qilishi, hayvonlarni lozim sharoitda saqlashi hamda veterinariya xizmati mavjudligini ta’minlashi kerak.

Guvohnomada belgilangan talablarni o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish yoki unda nazarda tutilmagan tartibda faoliyat yuritish mumkin emas.

Arizani ko‘rib chiqish qancha turadi?

Arizani ko‘rib chiqish uchun:

  • O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxsdan — BHMning 10 foizi;
  • yuridik shaxsdan — BHMning 20 foizi;
  • xorijiy fuqarodan — 10 AQSh dollari miqdorida yig‘im undiriladi.

Guvohnomani berganlik uchun alohida yig‘im undirilmaydi.

Ariza qancha vaqtda ko‘rib chiqiladi?

Arizani ko‘rib chiqish muddati — 15 ish kuni.

Eslatma: hayvonning pitomnik yoki kollektsiyada saqlanayotgani uning kelib chiqishini tasdiqlovchi hujjatlar va boshqa qonunchilik talablariga rioya qilish majburiyatini bekor qilmaydi.

Chat