Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 7537 marta o'qildi

Ruxsatnoma olish zarurati

Kapital bino yoki uning alohida xonasini noturar joy toifasidan turar joy toifasiga o‘tkazish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma olinishi shart.

Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga shaxsan yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali murojaat qiladi. YaIDXP orqali arizalar har kuni 24 soat qabul qilinadi. Dam olish kuni yoki ish vaqtidan keyin kelib tushgan ariza keyingi ish kuni qabul qilingan deb hisoblanadi.

Engil turdagi va vaqtinchalik qurilmalarga mazkur ma’muriy reglament tatbiq etilmaydi.

Ruxsatnoma faqat ixtisoslashishni o‘zgartirish va loyihalashtirish uchun asos bo‘ladi. Uning o‘zi qurilish-montaj ishlarini darhol boshlash huquqini bermaydi.

Noturar joyga qo‘yiladigan talablar

Noturar joyni turar joy toifasiga o‘tkazish uchun:

  • ob’ektdan yangi maqsadda foydalanish er uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq bo‘lishi;
  • bino va inshootning texnik holati bo‘yicha ijobiy xulosa mavjud bo‘lishi;
  • xona erto‘la yoki yarim erto‘lada joylashmagan bo‘lishi;
  • to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki burchak orqali shamollatish imkoniyati bo‘lishi;
  • xona yonma-yon turar va noturar joylardan to‘liq ajratilgan bo‘lishi;
  • shift balandligi shaharsozlik normalariga muvofiq bo‘lishi;
  • ob’ektni boshqa shaxsga o‘tkazishga taqiq yoki xatlov qo‘yilmagan bo‘lishi, ipoteka bundan mustasno;
  • sanitariya-gigiena uzellarini tashkil etish imkoniyati mavjud bo‘lishi;
  • xona mavsumiy yoki vaqtincha yashash uchun mo‘ljallanmagan bo‘lishi kerak.

Markazlashtirilgan kanalizatsiya mavjud bo‘lmaganda oqova suv va hojatxona uchun mo‘ljallangan o‘ralar turar joylardan sanitariya normalarida belgilangan masofada joylashtirilishi lozim.

O‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydigan ob’ektlar

Quyidagi joylarni turar joy toifasiga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • bozorlar va boshqa savdo markazlaridagi xonalar;
  • mahalliy davlat hokimiyati organlari binolaridagi xonalar;
  • ijtimoiy soha ob’ektlaridagi xonalar;
  • vaqtinchalik kinopavilьonlar, ochiq yozgi sahnalar va raqs maydonchalari;
  • portlovchi, yonuvchi yoki xavfli kimyoviy moddalar saqlanadigan omborlar;
  • kiosklar va engil turdagi ob’ektlar.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan erda joylashgan noturar joyni turar joy toifasiga o‘tkazishga ham rad javobi beriladi.

Murojaat va hujjatlar

Ariza Davlat xizmatlari markazi xodimi yoki ariza beruvchi tomonidan elektron shaklda to‘ldiriladi.

Moddiy madaniy meros ob’ektida yoki alohida muhofaza qilinadigan hududda joylashgan ob’ekt bo‘yicha Madaniy meros agentligi hududiy boshqarmasining ijobiy xulosasi ilova qilinadi.

Ariza beruvchidan ma’muriy reglamentda nazarda tutilmagan boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi. Kadastr, sanitariya, yong‘in xavfsizligi va boshqa zarur ma’lumotlar vakolatli organlar o‘rtasida elektron shaklda olinadi.

Ko‘rib chiqish muddatlari

Kadastr organi zarur ma’lumotlarni 1 ish kunida, sanitariya va yong‘in xavfsizligi organlari esa xulosalarini 5 ish kunida taqdim etadi.

Ijobiy xulosalar olingandan keyin ariza beruvchiga invoys yuboriladi. Invoysdagi to‘lov 5 ish kuni ichida amalga oshirilishi kerak.

To‘lov kelib tushganidan keyin vakolatli organ ob’ektni joyiga chiqib o‘rganadi va 7 ish kuni ichida QR-kodli ruxsatnoma beradi yoki aniq huquqiy asoslarni ko‘rsatgan holda rad etadi.

Yig‘im miqdori

Davlat xizmati uchun:

  • I xavf-xatar toifasidagi ob’ektlar — BHMning 50 foizi;
  • II toifadagi ob’ektlar — BHMning 1 baravari;
  • III–IV toifadagi ob’ektlar — BHMning 2 baravari miqdorida yig‘im to‘lanadi.

«Ijtimoiy himoya yagona reestri»dagi shaxslarga, shuningdek mulkdor bo‘lgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga 50 foiz chegirma beriladi. Tadbirkorlik maqsadida yoki yuridik shaxs vakili sifatida murojaat qilish hollari bundan mustasno.

Ruxsatnomaning amal qilish muddati

Ruxsatnoma 2 yilga beriladi. Ruxsatnoma talablari shu muddatda bajarilmasa, u o‘z kuchini yo‘qotadi va yangi ruxsatnoma olish uchun takroran murojaat qilish talab etiladi.

Ko‘p kvartirali uyning birinchi qavatidagi noturar joyni turar joy toifasiga o‘tkazishda qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspektsiyasining ijobiy xulosasi talab qilinadi.

Rad etish va takroriy murojaat

Noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etilishi, to‘lov amalga oshirilmasligi, ob’ektning texnik, sanitariya yoki yong‘in xavfsizligi talablariga mos emasligi, ko‘chmas mulkka nisbatan sud nizosi, taqiq yoki xatlov mavjudligi rad etish uchun asos bo‘ladi.

Rad etilgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida kamchiliklar bartaraf etilsa, yig‘imni qayta to‘lamasdan murojaat qilish mumkin. Takroriy ariza 5 ish kunidan oshmagan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Chat