Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 38659 marta o'qildi

Darhol bajariladigan harakatlar

YTHga daxldor haydovchi:

  • transport vositasini darhol to‘xtatishi;
  • avariya ishoralarini yoqishi;
  • avariya sababli to‘xtash belgisini o‘rnatishi;
  • avtomobilь va hodisaga daxldor buyumlarni joyidan qo‘zg‘atmasligi;
  • jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rishi;
  • 103 orqali tez tibbiy yordamni, zarur bo‘lsa favqulodda qutqaruv xizmatini chaqirishi;
  • 102 orqali ichki ishlar organiga xabar berishi;
  • guvohlarning ism-familiyasi, manzili va telefon raqamlarini yozib olishi;
  • ichki ishlar organi xodimlari kelishini kutishi shart.

Muhim: inson tan jarohati olgan bo‘lsa, jarohat engil ko‘rinsa ham evroprotokol tuzish mumkin emas.

Jabrlangan shaxsni tibbiyot muassasasiga olib borish

Shoshilinch holatda jabrlangan shaxsni yaqin tibbiyot muassasasiga yo‘lakay transport vositasida jo‘natish kerak.

Buning imkoni bo‘lmasa, haydovchi jabrlangan shaxsni o‘z avtomobilida tibbiyot muassasasiga olib borishi mumkin. Bunda u:

  • o‘z ismi-familiyasini;
  • avtomobilning davlat raqamini ma’lum qilishi;
  • shaxsni tasdiqlovchi hujjat, haydovchilik guvohnomasi va transportni ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatini ko‘rsatishi;
  • so‘ngra hodisa joyiga qaytib kelishi shart.

Jabrlangan shaxsni tibbiyot muassasasiga olib borish zaruratidan boshqa holda hodisa joyini tashlab ketish javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Qatnov qismini bo‘shatish

Agar transport vositalari harakatga to‘sqinlik qilsa, avval:

  • avtomobillarning bir-biriga va yo‘l ob’ektlariga nisbatan holati;
  • hodisaga aloqador buyumlar va izlar;
  • tormoz izlari, parchalar va boshqa dalillar;
  • jabrlangan shaxs va transport vositalarining turgan joyi guvohlar ishtirokida, foto, video va sxema orqali qayd etiladi.

Dalillarni saqlash va hodisa joyini aylanib o‘tish choralari ko‘rilganidan keyingina qatnov qismi bo‘shatilishi mumkin.

Hodisani rasmiylashtirish

Ichki ishlar organlari:

  • hodisa joyini ko‘zdan kechiradi;
  • transport vositalari va izlarni qayd etadi;
  • sxema va protsessual hujjatlarni tuzadi;
  • haydovchilar va guvohlardan tushuntirish oladi;
  • zarur ekspertiza va tekshiruvlarni tayinlaydi.

Jarohatning og‘irlik darajasi tibbiy hujjatlar va sud-tibbiy ekspertiza asosida belgilanadi.

Sug‘urtalovchiga xabar berish

Sug‘urtalovchiga hodisa haqida imkoni boricha darhol xabar berish kerak. Umumiy tartibda xabar YTH sodir bo‘lganidan keyin 72 soatdan kechiktirmay beriladi.

Sug‘urta qildiruvchi jabrlanuvchiga yoki uning vakiliga sug‘urta polisi haqidagi ma’lumotni va zarur bo‘lsa polis nusxasini 3 kalendarь kundan kechiktirmay taqdim etishi kerak.

Tovon olish uchun hujjatlar

Holatga qarab quyidagilar talab qilinishi mumkin:

  • sug‘urta tovonini to‘lash haqidagi ariza;
  • YTH bo‘yicha xulosa, qaror yoki boshqa protsessual hujjat;
  • jabrlanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
  • tan jarohati va davolanishni tasdiqlovchi tibbiy hujjatlar;
  • mehnat qobiliyati yo‘qotilganligini yoki daromad kamayganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
  • o‘lim haqidagi guvohnoma;
  • meros huquqini yoki tovon olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar;
  • bank hisob raqami haqidagi ma’lumot.

Hayot yoki sog‘liqqa etkazilgan zarar bo‘yicha majburiy avtosug‘urta limiti bir sug‘urta hodisasi uchun jami 52 million so‘mgacha.

Aybdor transport sug‘urtalanmagan yoki uning egasi noma’lum bo‘lsa, qonunda nazarda tutilgan hollarda To‘lovlarni kafolatlash jamg‘armasiga kompensatsiya uchun murojaat qilish mumkin.

Javobgarlik

Haydovchining javobgarligi:

  • yo‘l harakati qoidasining buzilgan-buzilmaganligi;
  • haydovchining aybi;
  • qoidabuzarlik va kelib chiqqan oqibat o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish;
  • tan jarohatining og‘irlik darajasi;
  • odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlar mavjudligiga qarab belgilanadi.

Engil tan jarohatiga olib kelgan holat ma’muriy javobgarlikka, o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast, odam o‘limi yoxud boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan qoidabuzarlik esa jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

YTH sodir bo‘lganining o‘zi haydovchini avtomatik ravishda aybdor deb topish uchun etarli emas. Ayb va sababiy bog‘lanish vakolatli organ yoki sud tomonidan dalillar asosida aniqlanadi.

Haydovchining majburiyatlari Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12 apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalari, sug‘urta tovoni majburiy avtosug‘urta to‘g‘risidagi Qonun, javobgarlik esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksi asosida belgilanadi.

Chat