Mahalliy Kengash deputati kim?
Mahalliy Kengash deputati — xalq deputatlari viloyat, tuman yoki shahar Kengashiga saylangan va tegishli saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi.
Deputat saylovchilar manfaatlarini ifoda etadi, Kengash ishida ishtirok etadi va tegishli hududni rivojlantirishga doir masalalarni hal etishga ko‘maklashadi. Uning huquqlari, majburiyatlari va faoliyati kafolatlari qonun bilan belgilanadi.
Deputat qanday huquqlarga ega?
Deputat:
- Kengash sessiyalari va o‘zi a’zo bo‘lgan komissiyalar majlislarida ishtirok etish;
- ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha fikr bildirish va ovoz berish;
- masalalar, qaror loyihalari, taklif va tuzatishlar kiritish;
- mansabdor shaxslarning hisobot va axborotlarini eshitishni taklif qilish;
- davlat organlari va tashkilotlaridan zarur ma’lumotlar olish;
- saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish;
- fuqarolar huquqlari yoki qonunchilik buzilgan hollarda vakolatli organlarga chora ko‘rish talabi bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Deputat o‘z vakolatlarini shaxsan amalga oshiradi va ovoz berish huquqini boshqa shaxsga topshirishi mumkin emas.
Deputatlik so‘rovi nima?
Deputatlik so‘rovi — deputatning tegishli hududdagi davlat hokimiyati yoki boshqaruvi organi mansabdor shaxsidan uning vakolatiga kiruvchi masala bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirish yoki munosabat bildirishni talab qilishi.
Mansabdor shaxs deputatlik so‘roviga uni olgan kundan e’tiboran 10 kundan kechiktirmay javob yuborishi kerak.
Sud raisi, prokuror, surishtiruv yoki tergov organi rahbariga yuboriladigan deputatlik so‘rovi ularning ish yurituvidagi muayyan ish yoki materialga aralashishga qaratilmasligi lozim.
Deputatning asosiy majburiyatlari
Deputat:
- Kengash va o‘zi a’zo bo‘lgan komissiya majlislarida shaxsan ishtirok etishi;
- ovoz berishda shaxsan qatnashishi;
- majlisda ishtirok eta olmasa, bu haqda oldindan rahbarga xabar berishi;
- deputatlik odob-axloqi qoidalariga rioya qilishi;
- saylovchilar bilan doimiy aloqa o‘rnatishi;
- fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishi va shaxsiy qabul o‘tkazishi;
- o‘z faoliyati haqida saylovchilarga axborot berishi shart.
Deputat o‘z faoliyati haqida saylovchilarga yiliga kamida to‘rt marta axborot beradi.
Saylovchilar bilan ishlash tartibi
Deputat:
- saylov okrugidagi muammolarni o‘rganadi;
- saylovchilarning murojaatlarini qabul qiladi;
- ularni hal etish choralarini ko‘radi;
- davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qiladi;
- ko‘rilgan choralar haqida fuqarolarga ma’lumot beradi.
Ijro etuvchi hokimiyat organlari deputatga uchrashuv va qabullarni tashkil etish, bino ajratish hamda aholini xabardor qilishda ko‘maklashadi.
Deputatlik faoliyatining kafolatlari
Deputatga:
- huquqlari, sha’ni va qadr-qimmatining muhofaza qilinishi;
- mansabdor shaxslar tomonidan belgilangan tartibda qabul qilinishi;
- zarur axborot va tashkiliy-texnik sharoitlardan foydalanishi;
- qonunda nazarda tutilgan hollarda transportda tekin yurishi;
- daxlsizlik huquqi kafolatlanadi.
Daxlsizlik deputatni qonunchilik talablariga rioya qilish majburiyatidan ozod etmaydi.