Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 151 marta o'qildi

Yangi tahrirdagi “Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi


Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Yangi tahrirdagi “Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ–1137-son, 21.04.2026-yil) Davlat rahbari tomonidan imzolandi.

Qayd etish kerakki, ushbu Qonun bilan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv tizimi joriy etilmoqda, sohadagi huquqiy bo‘shliqlar bartaraf etilmoqda hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqiy kafolatlari yanada kuchaytirilmoqda.

✅ Ushbu Qonun jami 71 ta moddadan iborat bo‘lib, rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kirishi belgilanmoqda.

Qonun loyihasini ishlab chiqishda, xorijiy va mahalliy darajadagi ekspertlarning fikrlari hamda jamoatchilikning takliflari, shuningdek, ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi inobatga olingan.

☑️ Qonunda bir qator yangiliklar nazarda tutilgan. Jumladan:

► 1) Jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari hamda kengashi a’zolarini saylash tartibi belgilanmoqda. Bu orqali, kelgusida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizoli holatlarni oldini olish ko‘zlangan.

► 2) Jamiyat kuzatuv kengashining qarorlari sirtdan ovoz berish yo‘li bilan (so‘rov yo‘li bilan) qabul qilish tartibi aniq belgilanmoqda.

► 3) Qonunning yana bir muhim yangiliklardan biri, bu xalqaro korporativ boshqaruv amaliyotida mavjud bo‘lgan jamiyatning kuzatuv kengashi a’zolarining, yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi va kollegial ijro etuvchi organlarining fidutsiar majburiyatlari belgilanganligi hisoblanadi.

► 4) Qonun bilan jamiyat nafaqat litsenziya, balki boshqa ruxsat etuvchi hujjatlar va xabardor qilish tartibida faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkinligi belgilanmoqda. Bu esa, ular tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat turlari sonini oshiradi.

► 5) Amaldagi qonunchilikda mavjud bo‘lmagan jamiyatlarning filiali va vakolatxonalarini, shu’ba va qaram xo‘jaliklarini ochish tartiblari alohida modda sifatida belgilanmoqda.

Jamiyatning minoritar ishtirokchilari qo‘mitasi tashkil etilishiga oid qoidalar taklif etilmoqda


✅ Bundan tashqari, Qonunda quyidagi yangiliklar nazarda tutilgan. Jumladan:

► 6) O‘z hissasini to‘la qo‘shmagan ishtirokchilar, agar ushbu harakatlar jamiyatning faoliyat ko‘rsatishiga imkon bermayotgan yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirishiga olib kelsa, jamiyatning ijro etuvchi organining arizasi asosida sud tartibida ishtirokchilar safidan chiqarilishi mumkinligi belgilanmoqda.

► 7) Jamiyat ishtirokchilarining ulushlari bilan bog‘liq nizolar sud tomonidan ko‘rib chiqilayotganda jamiyat ustav fondiga o‘zgartirishlar kiritish cheklanishi mumkinligi belgilanmoqda.

► 8) Jamiyatning ixtiyoriga ko‘ra, jamiyat ishtirokchilari ustav fondining (ustav kapitalining) hisobi shartnoma asosida Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi tomonidan yuritilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda. Bu qoidalar, albatta, Jamiyat va uning boshqa ishtirokchilarining huquqlarini kafolatlaydi.

► 9) Jamiyatning minoritar ishtirokchilari qo‘mitasi tashkil etilishiga oid qoidalar taklif etilmoqda.

► 10) Jamiyatning auditorlik tekshiruvidan o‘tkazishga oid qoidalar takomillashtirilmoqda.

► 11) Jamiyatning affillangan shaxslari hamda affillangan shaxslari bilan bitimlar tuzishga oid qoidalar alohida bob sifatida belgilanmoqda.

Qonun jamiyat ishtirokchilari huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlarini yanada mustahkamlashga, ulushlarning aldov va (yoki) firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’minlashga huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Shuningdek, Qonun jamiyat mulkining himoya qilinishiga va ishtirokchilar huquqlarining to‘laqonli ta’minlanishiga, mulkdorlar sinfining yanada o‘sishi va rivojlanishiga, mamlakatimizning investitsiyaviy muhitini yanada yaxshilashga hamda xorijiy investorlarni mamlakatimizga faol kirib kelishiga zamin yaratadi.

Chat