“Soliq sohasida malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–227-son, 16.06.2026-y.) qabul qilindi.
Ma’lumot uchun: Prezidentning 2026 yil 19 maydagi PF–95-son Farmoniga asosan:
▪️ Soliq qo‘mitasi huzurida Soliq oliy maktabi (Oliy maktab);
▪️ Oliy maktab tarkibida Malaka oshirish va kompetentsiyalarni rivojlantirish markazi hamda Soliqqa oid tadqiqotlar markazi tashkil etilgan.
Qarorga ko‘ra, Oliy maktabda:
♦ 2026/2027 o‘quv yilidan o‘qish davomiyligi kamida 3 yil bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga talabgorlar o‘qishga qabul qilinadi;
♦ 2027/2028 o‘quv yilidan magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichi joriy etiladi.
Oliy maktabda soliqlar va soliqqa tortish, raqamli soliq ma’murchiligi, soliq huquqi va moliyaviy nazorat kabi yo‘nalishlarda kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Oliy maktab bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplom bilan birga soliq maslahatchisi va auditor malaka sertifikatini olish uchun o‘quv kurslarini o‘taganligi to‘g‘risidagi hujjat beriladi.
Buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi xalqaro tashkilotlarning sertifikatlarini (ACCA, DipIFR, CAP/CIPA, CIA, ASA) olgan Oliy maktab talabalariga ushbu sertifikatlarni olish bo‘yicha o‘qish xarajatlari Oliy maktab tomonidan qoplanadi.
Maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Soliq bilimdonlari” ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi
Qarorga ko‘ra, Soliqqa oid tadqiqotlar markazida:
♦ sun’iy intellekt yo‘nalishi bo‘yicha raqamli soliq ma’murchiligi innovatsion laboratoriyasi tashkil etiladi;
♦ soliq sohasidagi ilmiy izlanishlarni umumiy muvofiqlashtirish, soliq islohotlarining iqtisodiyotga ta’sirini baholash hamda “aql markazlari” bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
2026 yil 1 avgustdan Oliy maktabda soliq organlari xodimlarining 3 yilda kamida 1-marta malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Soliq organlariga 1-marta ishga qabul qilingan (bundan Oliy maktab bitiruvchilari mustasno) mansabdor shaxslar soliq qonunchiligi va ma’murchiligi, shuningdek, ish yuritishni tashkil etish asoslari bo‘yicha davomiyligi 3 oygacha bo‘lgan maxsus moslashishga ko‘maklashish (onboarding) o‘quv kursida o‘qitiladi.
Maktab, o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida har yili “Soliq bilimdonlari” ko‘rik-tanlovlari o‘tkaziladi.
“Soliq bilimdonlari” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari ularning ixtiyoriga ko‘ra Oliy maktabga imtiyozli yo‘llanma asosida o‘qishga qabul qilinadi.