Korruptsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasi yuritiladi
“Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari, hududlar va sohalar kesimida korruptsiya darajasini aniqlash va uni minimallashtirish maqsadida korruptsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasi shakllantiriladi.
Xavf-xatarlar xaritasi quyidagilar asosida shakllantiriladi:
♦ korruptsiyaga oid jinoyatchilik statistikasi;
♦ korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili;
♦ aholining korruptsiyaga bo‘lgan munosabati;
♦ korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha siyosatning samaradorligiga doir ma’lumotlar;
♦ korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning axboroti.
Korruptsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yuritiladi.
Korruptsiyaga oid huquqbuzarlik natijasida tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish qonunda belgilangan tartibda, vakolatli davlat organining, manfaatdor shaxsning arizasiga asosan sud tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zi mehnat faoliyatini olib borayotgan davlat organida korruptsiyaga oid jinoyat to‘g‘risida asosli xabar bergan shaxsga Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligini oldindan xabardor etmasdan 2 yil davomida intizomiy jazo choralarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Korruptsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reestri yuritiladi
Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, korruptsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar Korruptsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reestriga kiritiladi.
Ichki ishlar vazirligi korruptsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan paytdan e’tiboran 3 ish kuni ichida reestrga shaxs haqidagi ma’lumotlarni kiritadi.
Elektron reestrda korruptsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Jinoyat kodeksida belgilangan sudlanganlik muddati davomida saqlanadi.
Elektron reestrga kiritilgan shaxslarga nisbatan quyidagi cheklovlar belgilanadi:
♦ davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanish;
♦ saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodining ko‘rsatilishi;
♦ davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a’zosi bo‘lish;
♦ o‘zi ta’sis etgan va ustav fondidagi ulushining 50 foizidan ko‘proq qismiga o‘zi egalik qiladigan tadbirkorlarning davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda ishtirokchi sifatida qatnashish;
♦ davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlarda va davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritish.
Elektron reestr Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda yuritiladi.