Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 28 marta o'qildi

O‘zbekistonda davlat organlari va tashkilotlaridagi ma’muriy ma’lumotlarni yagona yondashuv asosida boshqarish uchun Ma’lumotlarni boshqarish komissiyasi tashkil etiladi. Yangi tizim ma’lumotlarning sifati, o‘zaro muvofiqligi va qayta foydalanish imkoniyatini oshirishga qaratilgan.


Prezidentning PF–190-son Farmoni bilan davlat organlari va tashkilotlarida shakllanadigan ma’muriy ma’lumotlarni boshqarish tizimini takomillashtirish choralari belgilandi.

Ma’muriy ma’lumotlar rasmiy statistikani shakllantirishda muhim manba hisoblanadi. Biroq ularning turli uslubiyat va formatlarda yuritilishi ma’lumot bazalarini o‘zaro integratsiya qilish hamda statistik maqsadlarda samarali foydalanishni qiyinlashtirmoqda.

Shu munosabat bilan Ma’lumotlarni boshqarish komissiyasi tashkil etiladi. Milliy statistika qo‘mitasi Komissiyaning ishchi organi etib belgilanadi.

Komissiya davlat organlarida ma’lumotlarni boshqarish bo‘yicha yagona yondashuvlarni joriy etadi, ma’muriy ma’lumotlarning sifati, to‘liqligi va dolzarbligini ta’minlash, ma’lumotlar bazalarini integratsiya qilish hamda takroriy yoki bir-biriga zid ma’lumotlarni aniqlash ishlarini muvofiqlashtiradi.

Shuningdek, ma’lumotlarni yig‘ish, saqlash, qayta ishlash va davlat organlari o‘rtasida almashish jarayonlarini takomillashtirish ham Komissiyaning asosiy vazifalaridan biri bo‘ladi.

Yangi tizimning maqsadi ma’lumotlarni yanada ko‘proq yig‘ish emas, balki davlat organlarida allaqachon mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni sifatli, o‘zaro muvofiq va qayta foydalanish mumkin bo‘lgan holatga keltirishdan iborat.

Farmon bilan aniq muddatlar ham belgilangan. Uch oy ichida Komissiya to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

2026-yil 1 dekabrga qadar Komissiya tarkibiga kiritilgan davlat organlari va tashkilotlarida ma’lumotlarni boshqarish holati to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi.

2027-yil 1-mayga qadar xatlov natijalari asosida ma’lumotlarni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi.

2027-yil 1-iyulga qadar esa ma’muriy ma’lumotlar uslubiyatining xalqaro tavsiyalar va belgilangan sifat talablariga muvofiqligini har ikki yilda bir marta auditdan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.

Komissiya o‘z faoliyati va ma’muriy ma’lumotlarning uslubiyati hamda sifati bo‘yicha o‘tkazilgan audit natijalari to‘g‘risida Respublika statistika kengashiga har chorak yakuni bo‘yicha axborot kiritib boradi.

Bu aholi va tadbirkorlardan bir xil ma’lumotlarni qayta-qayta so‘rash holatlarini kamaytirish va rasmiy statistikada mavjud ma’muriy ma’lumotlardan kengroq foydalanish uchun zamin yaratadi.

Huquqiy asoslar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10 sentyabrdagi PF–190-son Farmoni. Hujjat 2026-yil 12 sentyabrdan kuchga kirgan.

Chat