Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 8209 marta o'qildi

Chiptasiz deb hisoblanadigan holatlar

Yo‘lovchi quyidagi hollarda chiptasiz deb hisoblanishi mumkin:

  • chiptasi mavjud bo‘lmasa;
  • chiptadagi familiya yoki boshqa shaxsiy ma’lumotlar shaxsni tasdiqlovchi hujjatga muvofiq kelmasa;
  • chiptaga o‘zgartirish yoki tuzatish kiritilgan bo‘lsa;
  • imtiyozli chiptadan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lmasa.

Poezdda yo‘lovchi chiptasi bilan birga shaxsni tasdiqlovchi hujjatni ham saqlashi va nazorat vaqtida taqdim etishi kerak.

Bolalar chiptasini tekshirish

Bepul yoki bolalar chiptasi bilan ketayotgan bolaning yoshiga shubha tug‘ilsa, nazoratchi:

  • tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma;
  • ota-onasining pasportidagi ma’lumot;
  • bolaning yoshini tasdiqlovchi boshqa hujjatni talab qilishi mumkin.

Agar birinchi tekshiruv vaqtida bolaning yoshi bo‘yicha e’tiroz bo‘lmagan bo‘lsa, keyingi tekshiruvlarda shu masala bo‘yicha qayta bahsga yo‘l qo‘yilmaydi.

Chiptasiz yurish uchun jarima

Chiptasiz yurish uchun ma’muriy jarima:

  • shahar atrofiga qatnaydigan poezdda — BHMning beshdan bir qismi;
  • mahalliy yoki uzoq masofaga qatnaydigan poezdda — 2 BHM miqdorida belgilangan.

Shahar atrofi, mahalliy yoki uzoq masofaga qatnaydigan poezdda 5 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolani chiptasiz olib yurish BHMning beshdan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jarima to‘lash yo‘l haqini to‘lashdan ozod qilmaydi. Chiptasiz yo‘lovchidan jarima bilan birga o‘tirgan joyidan manzil yoki boshqa poezdga o‘tish stantsiyasigacha bo‘lgan chiptaning to‘liq qiymati ham undiriladi.

Agar chiptasiz yo‘lovchi poezddan tushishini bildirsa, u jarimadan tashqari o‘tirgan joyidan eng yaqin stantsiyagacha bo‘lgan to‘liq yo‘l haqini to‘laydi.

Yo‘lovchini poezddan tushirish

Yo‘lovchini aholi punktlaridan uzoqda joylashgan stantsiyada poezddan majburan tushirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Chiptani rasmiylashtirish texnologiyasi tashuvchining aybi bilan buzilgan bo‘lsa, chipta olib qo‘yilib, dalolatnoma bilan xizmat tekshiruviga yuboriladi. Yo‘lovchi esa manzil stantsiyasigacha harakatini davom ettiradi.

Noto‘g‘ri poezdga chiqilganda

Yo‘lovchi adashib chiptasida ko‘rsatilgan yo‘nalishdan boshqa poezdga chiqsa:

  • eng yaqin stantsiyada tushishi;
  • poezd brigadiri tuzgan dalolatnoma asosida asosiy o‘tirish stantsiyasiga bepul qaytishi mumkin.

Bunday holda yo‘lovchidan jarima undirilmaydi.

Chiptadagi sanadan oldingi poezdga chiqqan yo‘lovchi poezddan tushirilmaydi. U poezd etarlicha to‘xtaydigan birinchi stantsiyada avvalgi chiptasini qaytarib, o‘zi ketayotgan poezdga yangi chipta rasmiylashtirishi kerak.

Boshqa toifadagi vagonga chiqilganda

Yo‘lovchi chiptasida ko‘rsatilganidan yuqori toifadagi vagonga chiqqan bo‘lsa:

  • o‘z chiptasiga mos vagonga o‘tishi;
  • yoki bo‘sh joy mavjud bo‘lsa, tegishli qo‘shimcha haqni to‘lab shu vagonda qolishi mumkin.

Bu holatning o‘zi uchun jarima undirilmaydi.

Qalbaki yoki boshqa shaxsga tegishli chipta

Qalbaki yoki boshqa shaxsga tegishli chipta bilan aniqlangan yo‘lovchi, jarima undirilganidan qat’i nazar, yo‘nalishdagi eng yaqin stantsiyada transport ichki ishlar organiga topshiriladi.

Ushbu holat bo‘yicha poezd brigadiri dalolatnoma tuzadi.

Chiptalarni nazorat qilish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 13-apreldagi 109-son qarori, chiptasiz yurish uchun jarimalar esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi bilan belgilangan.

Chat