Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 25317 marta o'qildi

Bolaning huquqlarini himoya qilish

Har bir bola o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish huquqiga ega.

Bolaning huquqlarini, birinchi navbatda, uning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar himoya qiladi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda himoya vasiylik va homiylik organi, prokuror va sud tomonidan amalga oshiriladi.

Qonunga muvofiq to‘la muomala layoqatiga ega deb e’tirof etilgan voyaga etmagan shaxs o‘z huquqlarini, shu jumladan himoya huquqini mustaqil amalga oshiradi.

Ota-ona tomonidan huquqlar buzilganda

Bola ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning suiiste’molliklari, zo‘ravonligi, shafqatsiz muomalasi va majburiyatlarni bajarmasligidan himoyalanish huquqiga ega.

Agar ota-ona:

  • bolani tarbiyalash yoki ta’lim berish majburiyatini bajarmasa;
  • ota-onalik huquqini suiiste’mol qilsa;
  • bolaga nisbatan zo‘ravonlik yoki shafqatsiz muomala qilsa;
  • bolaning boshqa huquq va qonuniy manfaatlarini buzsa, bola vasiylik va homiylik organiga mustaqil murojaat qilishi mumkin.

Bola o‘n to‘rt yoshga to‘lgandan keyin mustaqil ravishda sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Bolalar ombudsmaniga murojaat qilish

Bola o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi yuzasidan Bolalar ombudsmaniga shikoyat berishi mumkin.

Bolaning to‘liq muomala layoqatiga ega emasligi uning shikoyatini ko‘rib chiqmaslik uchun asos bo‘lmaydi. Bunday shikoyat uchun davlat boji undirilmaydi.

Boshqa shaxslarning majburiyati

Bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilganligi yoxud uning huquqlari buzilganligidan xabardor bo‘lgan har qanday shaxs bu haqda bola ayni paytda yashab turgan joydagi vasiylik va homiylik organiga xabar berishi shart.

Ma’lumotni olgan organ bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishi kerak.

Bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga bevosita xavf mavjud bo‘lsa, murojaatni kechiktirmasdan ichki ishlar organlariga yoki boshqa tezkor xizmatlarga ham xabar berish lozim.

Material O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi, «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonun va «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida»gi Qonun asosida tayyorlandi.

Chat