Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 58032 marta o'qildi

O‘n olti yoshgacha o‘zgartirish

Bola o‘n olti yoshga to‘lgunga qadar uning ismi yoki familiyasi ota-onaning birgalikdagi arizasi asosida o‘zgartirilishi mumkin.

FHDYo organi bolaning manfaatlarini hisobga olib:

  • uning ismini o‘zgartirishga;
  • familiyasini otasining familiyasiga;
  • familiyasini onasining familiyasiga o‘zgartirishga haqli.

O‘n yoshga to‘lgan bolaning ismi yoki familiyasi faqat uning roziligi bilan o‘zgartiriladi.

Ota-onaning xohishi bolaning manfaatlariga zid bo‘lsa, ism yoki familiyani o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ota-ona alohida yashaganda

Agar ota-ona alohida yashasa va bola bilan birga yashayotgan ota yoki ona unga o‘z familiyasini berishni xohlasa, masala vasiylik va homiylik organi tomonidan hal qilinadi.

Bunda bolaning manfaatlari va ikkinchi ota-onaning fikri hisobga olinadi.

Ikkinchi ota-onaning fikrini quyidagi hollarda hisobga olish shart emas:

  • uning turgan joyini aniqlash mumkin bo‘lmasa;
  • u ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa;
  • muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa;
  • bolani ta’minlash va tarbiyalash majburiyatlarini uzrsiz bajarmasa.

Otalik belgilanmagan holat

Agar bola nikohda bo‘lmagan shaxslardan tug‘ilgan va otalik qonuniy tartibda belgilanmagan bo‘lsa, vasiylik va homiylik organi bolaning manfaatlarini hisobga olib, uning familiyasini onasining murojaat vaqtidagi familiyasiga o‘zgartirishga ruxsat berishi mumkin.

O‘n olti yoshdan keyin murojaat qilish

Shaxs o‘n olti yoshga to‘lgandan keyin familiyasi, ismi va ota ismini o‘zgartirish haqida mustaqil ariza beradi.

2026-yil 5-maydan boshlab bunday ariza shaxsning yashash yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan manzilidan qat’i nazar istalgan FHDYo organi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Agar shaxs hali ID-karta yoki boshqa shaxsni tasdiqlovchi hujjat olmagan bo‘lsa, arizaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma ilova qilinadi.

Material O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi va Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20 oktyabrdagi 550-son qarori asosida tayyorlandi.

Chat