Bolani (bolalarni) farzandlikka olishni xohlovchi shaxslar o‘z yashash joyidagi vasiylik va homiylik organiga tutingan ota-onalar sifatida hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi iltimos bildirilgan arizani beradilar.
Arizaga quyidagilar ilova qilinishi kerak:
- nikoh to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi (agar nikohda bo‘lsa) yoki nikohda turmasligi haqidagi ma’lumotnoma;
- er-xotindan biri tomonidan farzandlikka olinayotgan bo‘lsa, boshqasining roziligi (agar er-xotin oilaviy munosabatlarni tugatgan, 1 yildan ortiq birga yashamayotgan bo‘lsa va erning (xotinning) yashash (turgan) joyi noma’lum bo‘lsa, shuningdek, bu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lsa, farzandlikka olishda uning roziligi talab qilinmaydi);
- ish joyidan egallab turgan lavozimi va ish haqi ko‘rsatilgan yoki boshqa daromad manbalari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
- farzandlikka olishni xohlovchi shaxsning sog‘lig‘i holati haqida tibbiy xulosa (psixiatriya, sil kasalligiga qarshi kurash va narkologiya muassasalari, teri-tanosil kasalliklari ma’lumotnomalari);
- qasddan sodir etgan jinoyati uchun ilgari sudlanmaganligi haqida ichki ishlar organining axborot markazidan olingan ma’lumotnoma;
- sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq bo‘lgan mulk huquqidagi, ijara (ijaraga olish) shartlaridagi yoki boshqa asoslardagi uy-joy mavjudligini tasdiqlaydigan hujjat.
Ariza berishda shaxsni tasdiqlaydigan hujjat ko‘rsatiladi.