Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 64786 marta o'qildi

Ota-ona qarovidan mahrum bolalarga g‘amxo‘rlik kuchaytiriladi

Ota-onaning bolani ta’minlash majburiyati

Ota-ona voyaga etmagan bolalarini ta’minlashi shart. Bolalarni ta’minlash tartibi va shaklini ota-ona o‘zaro kelishuv asosida belgilashi mumkin, biroq bunday kelishuv qonun talablariga va bolaning manfaatlariga zid bo‘lmasligi kerak.

Agar ota yoki ona bu majburiyatni ixtiyoriy bajarmasa, aliment sudning hal qiluv qarori yoki sud buyrug‘i asosida undiriladi. Ota-onalik huquqidan mahrum qilinganlik ham bolaga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi.

Bolani ta’minlash ota-onaning majburiyati hisoblanadi. Ota-onaning alohida yashashi yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilingani aliment to‘lash majburiyatini bekor qilmaydi.

Aliment miqdori qancha?

Agar ota-ona o‘rtasida aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv bo‘lmasa, sud har oyda ota-onaning ish haqi va boshqa daromadidan:

  • bir bola uchun — 1/4 qismini;
  • ikki bola uchun — 1/3 qismini;
  • uch va undan ortiq bola uchun — 1/2 qismini aliment sifatida undirishi mumkin.

Sud taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olib, ushbu miqdorlarni kamaytirishi yoki ko‘paytirishi mumkin.

Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.

Daromad doimiy bo‘lmasa nima bo‘ladi?

Aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish haqi yoki boshqa daromadi doimiy bo‘lmasa, o‘zgarib tursa, daromadining bir qismini natura shaklida olsa, rasman belgilangan ish haqi yoki daromadi bo‘lmasa yoxud alimentni daromaddan ulush tarzida undirish imkoni bo‘lmasa, sud alimentni har oyda to‘lanadigan qat’iy pul summasida belgilashi mumkin.

Aliment O‘zbekiston hududida va uning tashqarisida pul yoki natura shaklida olingan daromadlardan ushlab qolinadi. Chet el valyutasidagi daromad aliment undiriladigan kundagi Markaziy bankning rasmiy kursi bo‘yicha so‘mda hisoblanadi.

Kim sudga murojaat qilishi mumkin?

Agar aliment ixtiyoriy to‘lanmasa, bola bilan yashayotgan ota yoki ona uni undirish uchun sudga murojaat qilishi mumkin.

Ota-onadan birortasi ham sudga murojaat qilmagan bo‘lsa, vasiylik va homiylik organi, shuningdek 14 yoshga to‘lgan bola voyaga etmagan bola ta’minoti uchun aliment undirishni talab qilishi mumkin.

Aliment undirish to‘g‘risidagi da’vo javobgarning yashash joyidagi sudga, shuningdek da’vogarning tanloviga ko‘ra o‘zi yashab turgan joydagi sudga ham berilishi mumkin. Aliment undirish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha da’vogar davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.

Aliment to‘lanmayotgan bo‘lsa, uni undirish uchun bola voyaga etgunini kutish shart emas. Qonunda belgilangan shaxslar sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Chat