Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 16955 marta o'qildi

Qachon aliment miqdorini qayta belgilash mumkin?

Agar boshqa-boshqa ota-onadan tug‘ilgan voyaga etmagan bolalar uchun sudning bir nechta hal qiluv qarorlari yoki sud buyruqlari asosida bir ota yoki onadan aliment undirilayotgan bo‘lsa va uning umumiy miqdori qonunda belgilangan miqdordan oshib ketsa, aliment to‘lovchi har bir aliment oluvchiga nisbatan aliment miqdorini tegishlicha kamaytirish to‘g‘risida sudga da’vo kiritishi mumkin.

Oila kodeksiga muvofiq, odatda voyaga etmagan bolalar uchun:

  • bir bolaga — daromadning 1/4 qismi;
  • ikki bolaga — 1/3 qismi;
  • uch va undan ortiq bolaga — 1/2 qismi miqdorida aliment undiriladi.

Bir nechta sud hujjati bo‘yicha aliment undirilayotgani alimentning umumiy miqdori cheklovsiz oshib boraveradi degani emas. Qonunda nazarda tutilgan umumiy miqdordan oshganda masala sud tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Sud yangi miqdorni qanday belgilaydi?

Sud mavjud barcha sud hujjatlari bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan alimentlarni hisobga olib, Oila kodeksida belgilangan umumiy miqdordan kelib chiqqan holda bolalarning har biriga tegishli teng ulushdagi yangi aliment miqdorini belgilaydi.

Bu masala barcha aliment oluvchilarning huquq va manfaatlariga ta’sir qilgani uchun ishni ko‘rishda barcha undiruvchilar jalb qilinishi shart.

Qaerga murojaat qilinadi?

Aliment miqdorini kamaytirish to‘g‘risidagi da’vo javobgar doimiy yashab turgan yoki doimiy mashg‘ul bo‘lgan joydagi sudga beriladi.

Sud alimentning yangi miqdorini belgilasa, yangi miqdordagi aliment tegishli hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab undiriladi.

Kamaytirishga asos bo‘lgan holat tugasa nima bo‘ladi?

Agar aliment miqdorini kamaytirishga asos bo‘lgan holatlar keyinchalik tugasa, voyaga etmagan bola uchun aliment olayotgan shaxs alimentni qonunda nazarda tutilgan miqdorda qayta undirishni talab qilib sudga murojaat qilishi mumkin.

Alimentning avval belgilangan miqdori o‘z-o‘zidan o‘zgarmaydi. Uni kamaytirish yoki qayta tiklash sud tartibida amalga oshiriladi.

Chat