Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 38173 marta o'qildi

Er-xotin bir-birini moddiy ta’minlashi shartmi?

Er va xotin nikoh davomida bir-biriga moddiy yordam berishi shart.

Agar turmush o‘rtoqlardan biri bunday yordam berishdan bosh tortsa va ikkinchi turmush o‘rtoq ta’minot talab qilish huquqiga ega bo‘lsa, u sud orqali aliment undirishni talab qilishi mumkin. Bunda aliment to‘lashi lozim bo‘lgan er yoki xotin zarur mablag‘ga ega bo‘lishi kerak.

Nikoh davrida kim ta’minot talab qilishi mumkin?

Sud orqali aliment talab qilish huquqiga:

  • yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er yoki xotin;
  • xotin — homiladorlik davrida va o‘rtadagi bola tug‘ilgan kundan boshlab 3 yil davomida;
  • o‘rtadagi nogironligi bo‘lgan bolani 18 yoshga to‘lgunga qadar parvarish qilayotgan yordamga muhtoj er yoki xotin;
  • bolalikdan I guruh nogironligi bo‘lgan o‘rtadagi bolani parvarish qilayotgan yordamga muhtoj er yoki xotin ega.

Ta’minot talab qilish huquqi faqat xotinga tegishli emas. Qonunda nazarda tutilgan holatlarda er ham xotinidan aliment talab qilishi mumkin.

Nikohdan ajralgandan keyin ham aliment talab qilish mumkinmi?

Ayrim holatlarda sobiq er yoki xotin ham ikkinchi sobiq turmush o‘rtog‘idan ta’minot talab qilish huquqiga ega.

Jumladan:

  • sobiq xotin — homiladorlik davrida va o‘rtadagi bola tug‘ilganidan keyin 3 yil davomida;
  • nogironligi bo‘lgan o‘rtadagi bolani 18 yoshgacha yoki bolalikdan I guruh nogironligi bo‘lgan o‘rtadagi bolani parvarish qilayotgan muhtoj sobiq er yoki xotin;
  • nikohdan ajralgunga qadar yoki ajrashgandan keyin 1 yil ichida mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolgan muhtoj sobiq er yoki xotin;
  • er-xotin uzoq vaqt nikohda bo‘lgan bo‘lsa, nikohdan ajralgandan keyin 5 yil ichida pensiya yoshiga etgan muhtoj sobiq er yoki xotin ta’minot talab qilishi mumkin.

Aliment miqdori qanday belgilanadi?

Er-xotin yoki sobiq er-xotin ta’minot miqdori va uni to‘lash tartibini o‘zaro kelishuv bilan belgilashi mumkin.

Kelishuv bo‘lmasa, sud taraflarning moddiy va oilaviy ahvolini hamda e’tiborga loyiq boshqa manfaatlarini hisobga olib, har oy to‘lanadigan alimentni qat’iy pul miqdorida belgilaydi.

Sud belgilaydigan aliment miqdori har oy uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 11,75 foizidan kam bo‘lishi mumkin emas.

Qachon sud ta’minot majburiyatini cheklashi mumkin?

Sud muayyan holatlarda er yoki xotinni ikkinchi turmush o‘rtog‘ini ta’minlash majburiyatidan ozod qilishi yoki bu majburiyatni muayyan muddat bilan cheklashi mumkin.

Jumladan, nikoh qisqa davom etgan bo‘lsa, ta’minot talab qilayotgan shaxsning noloyiq xulq-atvori oilaning buzilishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa yoki mehnatga layoqatsizlik spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni suiiste’mol qilish yoxud qasddan jinoyat sodir etish natijasida kelib chiqqan bo‘lsa, sud ushbu holatlarni hisobga oladi.

Chat